G’ALLAOROL
G’ALLAOROL — Jizzax viloyati G’allaorol tumanidat shahar (1973 yildan), tuman markazi. Temir yo’l stantsiyasi. Viloyat markazi (Jizzax shahri) dan 30 kilometr g’arbda. Toshkent — Samarqand temir yo’l, Katta O’zbekiston trakti yoqasida. Aholisi 23 ming kishi (2005). Paxta tozalash, g’isht, qishloq xo’jalik texnikasini ta’mirlash, sutni qayta ishlash zavodlari, parrandachilik fabrikasi, MTP, qurilish tashkilotlari, avtokorxona, dehqon bozori, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari bor. Kichik, o’rta biznes korxonalari, mikrofirmalar, qo’shma korxonalar faoliyat ko’rsatadi. Umumiy ta’lim, bolalar musiqa maktablari, kasb-hunar kollejlari, tuman Markaziy kutubxonasi, madaniyat uyi, klub muassasalari, Xotira bog’i bor. Stadion, sport zallari, sport maydonchalari va boshqa sport inshootlari mavjud. Tuman Markaziy kasalxonasi, poliklinika, tug’ruqxona, dorixona va boshqa tibbiy muassasalar aholiga xizmat ko’rsatadi. G’allaoroldan Toshkent, Samarqand, Jizzax va boshqa shaharlarga avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi. Toshkent — Samarqand elektr poyezdi shahar hududidan o’tadi.