G’IZO
G’IZO, Al-g’izo, G’izah — Misrdagi shahar, Nil daryosi sohilida, Qohira shahri yaqinida joylashgan. G’izo muhofazasining ma’muriy markazi. Aholisi 2,2 million kishi (1996). Transport yo’llarining yirik chorrahasi. Mamlakatning muhim savdo (asosan, g’alla savdosi) markazi. Tamaki, radiotexnika va mashinasozlik sanoati korxonalari mavjud. Shahardan Janubi-g’arbda dunyoga mashhur qadimgi Misr ehromlari — Xeops (balandligi 146,6 metr), Xefren, Mikerin, shuningdek, katta Sfinks (hammasi miloddan avvalgi 3-ming yillikning 1-yarmi) saqlangan. Turizm rivojlangan.