G’O’ZA KUYASI
G’O’ZA KUYASI, pushtirang qurt — o’yiq-qanotli kuyalar oilasiga mansub kapalak. Paxta ekiladigan ko’pgina mamlakatlarda tarqalgan; O’zbekistonda tashqi karantin ob’yekti hisoblanadi. Qanotlari yoyilganda 12-15 millimetr; oldingi qanotlari bir oz uzunchoq, qoramtir dog’li och jigarrang, yuqori qismi to’q qo’ng’ir tusda bo’lib, ochroq tusli ko’ndalang yo’llari bor; orqa qanoti kulrang, keng hoshiyali. Tuxumi cho’ziqovalsimon, oppoq, bo’ylama yo’llari yoki to’rsimon naqshi bor. Urg’ochisi 500 tacha tuxum qo’yadi. Qurti och sarg’ish, 12— 15 millimetr; boshi va ko’krak qalqoni sariq. Ko’krak va qorin bo’g’imlarining usti to’q pushti rangda. Tanasining ichki qismi pushti rang. G’umbagi qizg’ish jigarrang bo’lib. tuklar bilan qoplangan. G’o’za kuyasining qurtlari 70 dan ortiq turdagi, asosan gulxayridoshlarga mansub o’simliklarni zararlaydi. Qurtlari g’o’zaning shona, gul va ko’saklari bilan oziqlanadi. G’o’za kuyasi tushganda paxta hosili 60-80% kamayadi. Kurash choralari: karantin.