G’ARBIY SIBIR NEFT-GAZLI HAVZASI

G’ARBIY SIBIR NEFT-GAZLI HAVZASI — G’arbiy Sibir tekisligida joylashgan, dunyo bo’yicha eng yirik neft-gazli havza. Maydoni 3,5 million kilometr: Tektonik jihatdan G’arbiy Sibir neft-gazli havzasi G’arbiy Sibir plitasida joylashgan, g’arbda Uralning gersin burmalanishlari, Sharqda Sibir platformasining qadimgi do’ngliklari, Janubda Qozog’iston, Oltoy, Tom-Kolivan, Olatov va G’arbiy Sayan burmalanishlarining kaledon va gersin strukturalari bilan chegaralangan. 1953 yil burg’i quduqlari yordamida ob daryosining quyi qismida dastlabki gaz koni va 6 yildan so’ng konda daryosida neft koni topilgan. 1971 yilning mart oyiga kelib esa, 168 ta neft, gaz va gaz-neft konlari ochilgan. Havza hududi yura, bo’r, paleogen, kamroq darajada neogen davrining terrigen yotqiziqlaridan tashkil topgan. Havzaning neft-gazliligi yura va bo’r davri yotqiziqlari bilan bog’liq, kesimda qumtoshlarning 40 dan ortiq mahsuldor qatlami ajralib turadi. Neftli va neft-gazli uyumlarning ko’p qismi (80% dan ortiq) 2000— 3000 metr chuqurlikda; gazli va gaz-kon-densatli uyumlar (80% chamasi) 2000 metr chuqurlikda to’plangan. Hududdagi neft konlari kabi gaz konlari ham yuqori debitli (neft 200 tonna/sut, gaz 5 million metr kub/sut). G’arbiy Sibir neft-gazli havzasi nefti kimyo sanoati uchun qimmatbaho xom ashyodir. Zichligi 0.88 gramm/santimetr kubdan ortiq emas, tarkibida oltingugurt miqdori kam (1,1% gacha), parafin 0,5% dan kam, benzin fraktsiyalarining tarkibi yuqori (40-60%). Yura yotqiziqlaridagi neft bo’r yotqiziqlaridagiga qaraganda ancha engil. Gaz tarkibida 90-98% metan, 1-4% og’ir uglevodorodlar, 3-6% azot, 0,1—2% uglerod ikki oksidi mavjud.