IBISSIMONLAR

IBISSIMONLAR (Ibididae yoki Threskiornithidae) — laylaksimonlar turkumi oilasi. Tumshug’i uzun, o’roqqa o’xshab pastga egilgan (qoravoylar) yoki to’g’ri va yassi, uchi kurakka o’xshash kengaygan (qoshiq burunlilar). Bo’yni va oyoqlari uzun, boshining bir qismi, ba’zan bo’yni patsiz. Oldingi barmoqlarining asosida suzgich pardasi bor. Ko’pchilik turlari ovoz chiqarmaydi. 20 urug’i, 32 turi bor. Ibissimonlar tropik va mo»tadil iqlimli o’lkalardagi suv havzalarida yashaydi. O’zbekistonda 2 turi: qoshiqburun (Plataleo leucorodia) va qoravoy (Plegadis falcinellus) Orol dengizi bo’yida va Amudaryoning quyi oqimidagi ko’llarda uchraydi. Qamishlar orasida gala bo’lib uya quradi. Uyaga 2-3 ta tuxum qo’yadi. Hasharotlar, chuvalchanglar, mollyuskalar, mayda baliklar, baqalar bilan oziqlanadi.