Kitob bosishni kim ixtiro qilgan?
Bosma ishi qandaydir bir tasvirni qayta ishlab chiqarish usuli sifatida dastlab xitoylar va yaponlarda V asrda paydo bo’lgan edi. O’sha olis zamonlarda va tag’in bir necha asr undan keyin ham kitoblar shunday bir topilmas matoh, o’qish qo’lidan keladiganlar, shuningdek kitobga sohiblik qilishning uddasidan chiqadiganlar shu qadar oz ediki, kitob chop etilishiga zarurat ham sezilmasdi. Birinchi kitob bosuvchilar klishe sifatida taxtachalardan foydalanishgan. Ularning yuzasiga rasmlar o’yishardi. So’ngra bu shakllarga bo’yoq surtilar va ulardan o’sha zamonlardagi beso’naqay presslar yordamida tasvir qog’ozga ko’chirilardi. Keyin suvratlar yonida so’zlar paydo bo’ldi, biroq ularni ham yog’ochga o’yish kerak edi. Har bir taxtachaga tasvir o’yishning uzoq davom etadigan jarayonini qisqartirish imkoniyatini tug’diradigan usul lozim edi. Yozilgan so’zni qayta yaratishga imkon beradigan real o’zgarishlar sodir bo’lishydan avval oradan deyarli ming yil o’tdi. Ko’pgina ixtirochilar buning ustida bosh qotirishgan. Bu muammoni mayntslik olmon noshiri Iogann Gutenberg birinchi bo’lib hal etgan, deb hisoblaydilar. Gutenbergning miyasida ko’chma metall harflardan foydalanish g’oyasi tug’ildi. Bu uslub yordamida u 1453 va 1456 yillar oralig’ida o’zining birinchi — mashhur Gutenberg Injili degan kitobini chop etadi. Gutenberg shriftlari kassada, har bir harf alohida saqlanar edi. Agar qutidan harf olinsa, so’z, satr, sahifaning harfini terish oson bo’lgan. Matnni tergach va sahifani chop etgach, harflarni sochib yuborish va o’z o’rinlariga joylashtirish, shundan so’ng navbatdagi sohifa harfini terish mumkin bo’lgan. Ixtirochilar bu jarayonni tezlashtirish uchun ko’pgina ishlar qilgan bo’lsalar-da, bu tizim hozir ham saqlanib qolmoqda.