KABIRA
KABIRA (Arabcha — katta, yirik) — Islomda eng katta va og’ir gunoh. Kabiraning eng birinchisi va Alloh tomonidan kechirilmaydigani — kufr (Allohni inkor etish) va shirk (Allohga biror narsani teng qilish)dir. Kabiraning turlari ko’p. Masalan, ota-onani norozi qilish, birovning joniga nohaq qasd qilish, sehr-jodu bilan shug’ullanish, yolg’on guvohlik berish, tuhmat qilish, zinokorlik, o’g’rilik, sudxo’rlik, farz ibodatlarni bajarmaslik, harom qilingan narsalarni iste’mol etish va hokazolar. Shirk va kufrdan boshqa gunohlar qiyomat kuni Alloh tomonidan kechirilishi yoki ular uchun ma’lum me’yorda jazo berilishi mumkin. Sunniy- hanafiylik aqidasiga ko’ra, kufr va shirkdan boshqa har qanday gunoh qilgan mo’min-musulmon kishi kofir bo’lib qolmaydi, balki gunohkor hisoblanadi.