IQTISODIY QONUNLAR
IQTISODIY QONUNLAR — kishilik jamiyatining hamma bosqichlarida moddiy ne’matlarni ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash va iste’mol munosabatlarini boshqarib turuvchi ob’yektiv qonunlar. Kishilik jamiyati va ishlab chiqarish munosabatlari vujudga kelishi bilan amal qila boshlaydi. Iqtisodiy qonunlar ishlab chiqarish munosabatlari tizimidagi muhim, barqaror, ichki, mohiyatli, zaruriy, muntazam takrorlanuvchi aloqadorliklar, bog’lanishlarni ifodalaydi. Iqtisodiy qonunlar doimo bir-biri bilan bog’liq, biri ikkinchisini taqozo qilgan holda amal qiladi, ma’lum shart-sharoitlar yo’qolgach, Iqtisodiy qonunlar ham o’z kuchini yo’qotadi. Iqtisodiy qonunlarning ta’sir doirasi va xarakteri jamiyat taraqqiyotining ob’yektiv shart-sharoitlariga, ishlab chiqarish vositalariga nisbatan bo’lgan munosabat shakllariga, ijtimoiy mehnatni tashkil qilish va uning natijalarini taqsimlash usullariga bog’liq. Iqtisodiy qonunlar ob’yektiv xarakterga ega. Amal qilish davrining davomiyligiga qarab Iqtisodiy qonunlar 3 guruhga ajratiladi: Umumiy Iqtisodiy qonunlar — kishilik jamiyati rivojlanishining barcha bosqichlarida amal qiladigan qonunlar. Masalan, vaqtni tejash qonuni, ehtiyojlarning o’sib borish qonuni, ijtimoiy mehnat taqsimoti qonuni va boshqalar. Xususiy Iqtisodiy qonunlar — insoniyat jamiyati taraqqiyotining ma’lum bosqichlarida, muayyan ijtimoiy- iqtisodiy tizim doirasida amal qiladigan qonunlar. Masalan, talab qonuni, taklif qonuni, qiymat qonuni — tovar- pul munosabatlari mavjud bo’lgan davrlarda amal qiladi. Maxsus Iqtisodiy qonunlar — alohida olingan iqtisodiy tizim sharoitida amal qiladigan qonunlar. Masalan, qo’shimcha qiymat qonuni. Iqtisodiy qonunlar tabiat qonunlaridan farq qiladi. Ularning farqi shundaki, tabiat qonunlari doimiydir, Iqtisodiy qonunlar esa ijtimoiy hayot qonunlari bo’lib, tarixiydir va o’zgaruvchandir, chunki Iqtisodiy qonunlar kishilarning o’z ehtiyojlari va manfaatlari yo’lidagi faoliyati bilan bog’liq bo’lib, kishilik jamiyati mavjud bo’lganda paydo bo’ladi va amal qiladi. Iqtisodiy qonunlarni ilmiy asosda bilish, ulardan jamiyat manfaatlari yo’lida foydalanish mumkin. Iqtisodiyot nazariyasi fanining asosiy vazifasi Iqtisodiy qonunlarni bilish va uning mazmunini ochib berish hisoblanadi. Qodirjon Yusupov.