IQTISODIY TIZIM
IQTISODIY TIZIM – iqtisodiy mahsulotni ishlab chiqarish, taqsimot, ayirboshlash va iste’mol jarayonida paydo bo’ladigan asosiy iqtisodiy munosabatlarning shakl va mazmunini belgilab beradigan, mamlakatda tarixan paydo bo’lgan yoki joriy etilgan, amal qiladigan tamoyillar, qoidalar, qonun yo’li bilan mustahkamlangan normalar majmui. Iqtisodiy tizim doirasida iqtisodiyot sub’yektlari, ishlab chiqarish omillari o’zaro munosabatga kirishadilar va bu munosabatlar ma’lum qonun-qoidalarga binoan boshqariladi. Iqtisodiy tizim faoliyati mulk, pul va pul tizimi, davlat va nodavlat tashkilotlari, korxona, soliq, daromad, reja, foyda kabi bir kator vositalar yordamida tashkil qilinadi. Iqtisodiy tizim masalasiga qarashlarda turlicha yondashuvlar mavjud. Jahon iqtisodiy adabiyotlarida xo’jalik-iqtisodiy tizimlarni ishlab chiqarish vositalariga egalik shakli va iqtisodiy faoliyat muvofiqlashtirish va boshqarish usuliga ko’ra tasniflash ko’proq tarqalgan. 21-asr boshlaridagi qarashlarda Iqtisodiy tizimni baholashda moddiy-ashyoviy va ijtimoiy-iqtisodiy mezonlar birgalikda qo’llaniladi, Iqtisodiy tizimning eng muhim bir qator belgilari ta’riflanadi. Ularga jamiyatdagi iqtisodiy resurslar tavsifi; texnika va texnologiya darajasi; ishlab chiqarish xarakteri; yaratilgan mahsulot va xizmatlar tarkibi; iqtisodiy munosabatlar tabiati; iqtisodiyotni boshqarish usuli; iqtisodiy siyosat mazmuni kiradi. Turli qarashlarda insoniyat jamiyati tarixida 3,5 va hatto 7 ta Iqtisodiy tizim bo’lganligi qayd etiladi. Ortodoksal, ya’ni marksistik nazariya Iqtisodiy tizimni tavsiflashda ijtimoiy-sinfiy jihatdan yondashadi. Mulkchilik shakli, ekspluatatsiyaning borligi yoki yo’qligi, sinflarning iqtisodiyotdagi mavqei bosh mezon qilib olinadi. Ularga tayangan holda Iqtisodiy tizim ishlab chikarish usuli deb ataladi. Marksizmga ko’ra, ibtidoiy jamoa, quldorlik, feodalizm, kapitalizm va kommunizm kabi Iqtisodiy tizimlar bor, ularning biri-ikkinchisiga o’rin bo’shatib beradi, ular ketma-ket o’rin almashadi, eng mukammal va so’nggi Iqtisodiy tizim kommunizm deb ataladi. Marksizmga muqobil ta’limotlarda Iqtisodiy tizimga texnologik va ishlab chiqarishning xarakteri, ishlab chiqarishning industriyalashuvi jihatidan qaralgan va baho berilgan. Taraqqiyot bosqichlari nazariyasiga ko’ra, ham 5 ta Iqtisodiy tizim yoki bosqich mavjud: an’anaviy jamiyat bosqichi; parvoz uchun shart-sharoit hozirlash davri; parvoz davri; yetuklik sari harakat davri; ommaviy va yuksak iste’mol davri. Bu bosqichlar ham o’zaro ketma-ketlikda o’rin almashadi. Ba’zi bir qarashlarda agrar, Industrial va informatsion iqtisodiyot davrlari qayd etiladi. Ko’pchilik tadqiqotchilar an’anaviy, bozor va ma’muriy-buyruqbozlik Iqtisodiy tizimlari borligini asoslaydilar. An’anaviy Iqtisodiy tizim belgilari: qo’l mehnati va tabiat kuchlaridan oddiy usulda foydalanish, g’oyat kam unumli texnologiyaning mavjudligi ishlab chiqarishning agrar xarakteri, iqtisodiyotning asosiy tayanchi ekstensiv yuritiladigan qishloq xo’jalik; sanoatning hunarmandchilik va xonaki sanoat shaklida mavjudligi; iqtisodiy biqiklik, ya’ni xujalik avtarkizmi; iqtisodiyot biqiq bo’lganidan mahsulotlar, asosan, o’z iste’moli uchun yaratiladi, ularni ehtiyojdan ortib qolgan qismigina ayirboshlanadi. Xo’jaliklar natural iste’molchi bo’lganidan kamdan-kam hollarda bozor bilan aloqa o’rnatadilar, o’zini-o’zi ta’minlagani sababli ular uchun pulning ahamiyati bo’lmaydi; o’zaro iqtisodiy aloqalar xo’jalikning ichida yoki mahalliy kichik hudud doirasida an’anaviy qoidalarga, urf-odatlarga ko’ra, amalga oshadi; iqtisodiy faoliyat jamoa va yakka xususiy mulkka asoslanadi; aholi turmush darajasi past bo’ladi. Bozor iqtisodiyoti tizimi belgilari: yuksak zamonaviy texnologiyaning mavjudligi; ishlab chiqarishning industrial xarakterda bo’lishi, iqtisodiy taraqqiyotda axborotning o’rni va ahamiyatining yuqoriligi; ishlab chiqarishda servis — xizmat ko’rsatish sohasi rolining ortib borishi; iqtisodiy usishning intensiv usuli ustuvorligi; iqtisodiyotning ochiq bo’lishi, uning bozor aloqalariga tayanishi; xilma-xil mulkchilik bo’lgani holda xususiy mulkning yetakchi o’rinda bulishi; iqtisodiyotning ijtimoiy yo’nalishga egaligi; aholi turmush darajasining yuqoriligi; iqtisodiyotga siyosatning kuchli ta’sir ko’rsatishi; iqtisodiyotning globallashuvi. Ma’muriy-buyruqbozlik tizimi belgilari: mashinalar tizimiga asoslangan texnologiyaning bo’lishi, lekin uning past darajasi, ishlab chiqarishning industrial-agrar xarakteri; iqtisodiyotning yopiq bulishi; davlat mulkining hukmronligi, jamoa mulkining bu mulk qo’shimchasiga aylanishi, xususiy mulkning taqiqlanishi; iqtisodiyotning bir markazdan turib rejalashtirilishi, reja topshirikdarining majburiyligi; resurslar va mahsulotlarning yagona reja asosida taqsimlanishi; iqtisodiy stimullar zaif bo’lgani holda siyosiy- ma’naviy stimullarga ustuvorlik berilishi; iqtisodiyotning taqchilli bo’lishi, aholi turmush darajasining iqtisodiy salohiyatga nisbatan past bo’lishi, uning g’oyat sekin o’sishi. Evolyutsion tarixiy rivojlanish natijasida an’anaviy Iqtisodiy tizim bozor tizimiga aylanadi, uni revolyutsiya yo’l bilan yo’qotish natijasida zurlik bilan ma’muriy-buyruqbozlik tizimi o’rnatiladi, u o’zini oqlamaganidan qaytadan bozor tizimiga o’tish yuz beradi. Shunday o’tish jarayonida transformatsiyalashayotgan, ya’ni o’tish holatidagi Iqtisodiy tizim yuzaga keladi. Bu tizimning asosiy belgisi rejali ma’muriy-buyruqbozlik tizimining bozor tizimiga aylanib borishidir. Bu jarayonda bozor isaohotlari muhim o’rinda turadi. Bu tizim ko’p ukladli bo’lib, uning qanchalik uzoq saqlanishi o’tish davrining naqadar uzun yoki qisqa bo’lishiga bog’liq. Ahmadjon O’lmasov, Ne’mat Xolmatov.