TSITRUS O’SIMLIKLAR

TSITRUS O’SIMLIKLAR — rutadoshlar oilasining tsitrus turkumiga mansub doim yashil o’simliklar, ekiladigan mevali daraxtlar. Apelsin, mandarin, greypfrut, limon, bergamot, tsitron, sheddok, bigaradiya va boshqa 30 ga yaqin turi bor. Shimoliy Xitoydan Avstraliyagacha, O’rta dengiz sohillaridan Yevropaga tarqalgan. O’zbekistonda Bog’dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti, Toshkent viloyati Qibray tumani va boshqa issiqxona xo’jaliklarida o’stiriladi. Tsitrus o’simliklar butasimon yoki past daraxtsimon, barcha organlarida xushbo’y efir moyi bor. Gullari barg qo’ltig’ida joylashgan, xushbo’y, chetdan va o’zidan changlanadi. Mevasi xushxo’r, parhez va dorivor xususiyatga ega, turli vitaminlar va limon kislotaga boy. Masalan, limon va apelsinda 60 mg % S vitamini, 600-700 mg % R vitamini bor. Meva shakli dumaloq yoki tuxumsimon, och sariq, to’q sariq, segmentlarga bo’lingan. Tarkibida pektin, karotin, qand, S, V, R vitaminlari bor. Mevalari yangiligida yeyiladi, konservalar, murabbo, sukat tayyorlanadi. Barg va poyasidan efir moyi olinadi. Tsitrus o’simliklar payvand qilib va qalamchalaridan ko’paytiriladi. Ekilgandan so’ng 3-4 yildan hosilga kiradi. 20-60 yil atrofida yuqori hosil olinadi.