KUMAMOTO
KUMAMOTO — Yaponiyadagi shahar, Kyusyu orolida, Sirakana daryosi bo’yida. Kumamoto prefekturasining ma’muriy markazi. Aholisi 650,3 ming kishi (1995). Transport yo’llari tuguni. Mamlakatning muhim sholichilik rayonining savdo-taqsimot markazi. To’qimachilik, elektronika mashinasozligi va oziq- ovqat sanoatining yirik korxonalari; qishloq xo’jalik qurollari, rezina buyumlar, mineral o’g’itlar ishlab chiqarish, meva va sabzavotlarni qayta ishlash zavodlari bor. Hunarmandchilikda gazlama to’qiladi, chinni buyumlar ishlab chiqariladi. Me’moriy yodgorliklardan Budda ibodatxonasi, qasr (16-a.sr) saqlangan.