YALANISH KASALLIGI

YALANISH KASALLIGI — hayvonlarda moddalar almashinuvi buzilishi natijasida paydo bo’ladigan kasallik. Asosan, qoramollarda uchraydi. Bundan tashqari, qo’ylarda jun yeyish, parrandalarda pat cho’qish shakllari uchraydi, Yalanish kasalligi organizmda mineral moddalar, jumladan, natriyning ishqoriy tuzlari, kobalt, yod, marganes, rux kabi mikroelementlar, vitaminlar, aminokislotalar etishmasligi tufayli kelib chiqadi. Kasallik boshlanishida hayvon devor va oxurlarni yalaydi, to’shamadagi chirigan somon, suyak, tosh, latta, qog’oz va junlarni yeydi. Kasal hayvon ozadi, terisi quriydi, anemiya, ich qotish, ich ketish kuchayadi, mahsuldorligi kamayadi. Kasallik avj olganda hayvon butunlay ozib ketadi, hatto o’lishi mumkin. Shuningdek, raxit, osteodistrofiya, quturish, jigar yallig’lanishida ham Yalanish kasalligi belgilari kuzatiladi. Tashxis kasallikning klinik belgilari, ozuqa rasioni tahlili va tabiiyxo’jalik sharoitlariga qarab qo’lladi. Davolash: ozuqa rasioniga etishmagan mineral moddalar, vitaminlar va aminokislotalar qo’shiladi. Oldini olish: ozuqa rasioni yaxshilanadi va mol boqish sharoiti o’zgartiriladi.