YALMOG’IZ

YALMOG’IZ — xalq og’zaki poetik ijodida keng tarqalgan mifologik obraz. Kelib chiqishi jihatidan ayollar saltanati (matriarxat) bilan bog’liq mifologik tasavvurlarga borib taqaladi. Yalmog’iz g’ayritabiiy magik kuchga ega bo’lgan, o’ta xunuk qari kampir sifatida tasvirlanadi. U ertak va dostonlarda epik qahramon sarguzashtlariga to’sqinlik qiluvchi asosiy yovuz kuchlardan biri sanaladi. Yalmog’iz hammavaqt qahramonni o’ldirmoqchi bo’ladi. Ammo har gal yo o’zi nobud bo’ladi, yoki qahramonga bo’ysunib, uning qiyin ishlariga ko’maklashadi. Yalmog’iz o’z faoliyatida sehrjodudan, tilsimli buyumlardan foydalanadi. Jodugar, shum kampir, maston kabilar Yalmog’izning xalq orasidagi variantlari hisoblanadi.