YAHUDIY TILI
YAHUDIY TILI — yahudiylarning turli davrlarda, turli mintaqalarda qo’llanib, turlicha nomlanib kelgan tillarining umumlashma nomi. Bular: 1) qadimiy yahudiy tili — som tillaridan biri. Injil kitobida (qadimiy ahd, miloddan avvalgi 12-3-asrlar), shuningdek, Falastindan topilgan, miloddan avvalgi 8-asr — milodiy 2-asrlarga mansub sopol parchalaridagi yozuvlarda saqlanib qolgan. Qadimda xanaan tili deb ham atalgan. Milodiy 1-asrlarigacha so’zlashuv tili hisoblangan. Keyinchalik bu til oromiy, yunon, lotin va boshqalar tillardan o’zlashgan so’zlar hisobiga leksik jihatdan boyigan hamda morfologiya va sintaksis sohasida bir qancha o’zgarishlarga uchragan. Qadimiy yahudiy tilida boy diniy, falsafiy, ilmiy va badiiy adabiyot yaratilgan. Davrlar o’tishi bilan qadimiy yahudiy tili yanada ko’nroq o’zgarishlarga uchraganligidan uning hozirgi «avlodi» — ivrit alohida, mustaqil til deb qaralmog’i kerak; 2) ivrit — qadimiy yahudiy tilining 19-asrda qayta tirilgan, o’zgargan, zamonaviy shakli; yangi bosqichdagi som tillarishn biri. 1948 yildan Isroil davlatining rasmiy tili (Arab tili bilan birga). Ivritda 4 milliondan ortiqroq kishi so’zlashadi. Miloddan avvalgi 1-ming yillik oxirlaridan qadimiy yahudiy tili so’zlashuv tili sifatida iste’moldan chiqadi va diniy amaliyot, yuqori uslubdagi diniy va dunyoviy adabiyot tili bo’lib qoladi. 18-asr oxiri va 19-asrda uning negizida, asosan, Sharqiy Yevropa yahudiylarining ma’rifiy va badiiy adabiyot tili sifatida ivrit shakllanadi. 19-asrning 2-yarmidan boshlab ivrit kundalik aloqaaralashuvdagi so’zlashuv tiliga ham aylanadi. 20-asr boshlarigacha bir necha talaffuz me’yorlari mavjud bo’lgan: ashkenaz (Sharqiy Yevropadagi germaniyalik yahudiylarda) va sefard (O’rta dengiz sharqi, Frantsiya, Niderlandiya va boshqalar mamlakatlardagi ispaniyalik yaxudiylarda) talaffuz me’yorlaridan sefard talaffuzi keyinchalik asosiy me’yor sifatida qabul qilinadi. Ivrit leksikasining asosini qadimiy yahudiy tili so’zlari tashkil etadi va u qadimiy so’zlarning yangi ma’no kasb etishi, barqaror so’z birikmalarining so’zga aylanishi, fe’llardan yangi so’zlar yasalishi, shuningdek, qadimiy va hozirgi tillardan (Arab, rus, ingliz, nemis, idish va boshqalar) so’z o’zlashtirish hisobiga boyib bormoqda. Yozuvi an’anaviy yahudiy yozuvida; 3) idish — German tillaridan biri, ashkenazlar (Germaniyalik yahudiylar)ning so’zlashuv va adabiy tili. 10— 14-asrlarda yuqori nemis lahjalaridan biri negizida qadimiy yahudiy tilining, keyinchalik esa slavyan tillarining kuchli ta’siri ostida shakllangan. 15-16-asrlarda ashkenaz yahudiylarining Germaniyadan Polsha qirolligiga ko’chishidan keyin idish, asosan, Polsha, Litva, Ukraina, Belorussiya hududlarida tarqaladi. Yahudiylarning 19-asrning 2-yarmi — 20- asr boshlarida AvstroVengriya va chor Rossiyasidan, 1933 yildan Germaniyadan ko’chib (chiqib) ketishi idishning AQSh va Kanadada, Angliya va Janubiy Afrikada, shuningdek, Lotin Amerikasi mamlakatlarida tarqalishiga olib keldi. Isroilda esa bu til ivrit tomonidan siqib chiqarilmoqda. Lahjalari uning tarqalish hududiga qarab nomlanadi: polyak lahjasi, litvabelorus lahjasi va boshqalar; ukrain lahjasi adabiy tilga asos bo’lgan. So’zlashuvchilarning umumiy soni taxminan 8-9 million kishi atrofida. Leksikasi qadimiy yahudiycha hamda baynalmilal so’zlarga boy. Yozuvi an’anaviy yahudiy yozuvi bo’lib, u idish fonetik tizimini ifodalashga moslashtirilgan; 4) ladino (ispan yahudiy tili, sefard tili) — roman tillaridan biri. 15— 16-asrlardagi adabiy kastil (ispan) tili asosida shakllangan. L.da so’zlashuvchilar (100 ming kishi) 1492 yil Ispaniyadan quvg’in qilingan va Janubiy Yevropa, Angliya, Niderlandiya, Germaniya, Turkiya, Marokash va boshqalar Arab mamlakatlariga kelib joylashgan yahudiylar (sefardlar)ning avlodlaridir. Ushbu til asosan Isroilda, Bolqon mamlakatlarida tarqalgan. Laxjalari uning tarqalish hududiga qarab nomlanadi: turk lahjasi, rumin lahjasi va boshqalar yozuvi 16-asrda an’anaviy yahudiy yozuvi asosida unga bir qancha diakritik, satr usti belgilari qo’shib va ba’zi undosh harflarni unlilarni ifodalash uchun qo’llagan holda shakllantirilgan. O’rta Osiyoda yashovchi yahudiylarning ham o’ziga xos tili bor. Bu til, asosan, tojik tilining Samarqand Buxoro lahjasi asosida shakllantirilgan. Uning leksikasida qadimiy yahudiy tili va ivritdagi din, urf-odat va turmushga oid oz miqdordagi so’zlar saqlangan. 20-asrda O’rta Osiyo xalqlari qo’llab kelgan yozuvlar mahalliy yahudiylar uchun ham umumiy bo’lgan. Diniy amaliyotda an’anaviy yahudiy yozuvidan foydalaniladi. Ad.: Dyakonov I.M.. Yazmki drevney Peredney Azii, M., 1967; Shapiro F.L.. Ivritrusskiy slovar, M., 1963 (s pri- lojeniem: Grande B.M., Grammaticheskiy ocherk yaznka ivrit); Falkovich E.M., Yevreyskiy yazmk (idish), M., 1966. Abduvahob Madvashev.