IRMOQ

IRMOQ — katta daryoga quyiladigan Daryo, soy, jilg’a. Odatda, Irmoq o’zi quyiladigan daryodan kamsuv, shuningdek, vodiysi boshqa tomonga yo’nalgan bo’ladi. Ko’l va boshqa ichki suv havzalariga quyiladigan daryolar ham ba’zan Irmoq deyiladi. Geografik adabiyotlarida 1-, 2-, 3 — va hokazolar tartibli irmoqlar farq qilinadi. Masalan, biror daryoga bevosita qo’shiladigan soylar 1 — tartibli Irmoqlar, bu soylarga quyiladiganlari 2-tartibli Irmoqlar deyiladi va hokazolar. Ayrim turkiy tillarda, jumladan, Usmonli turklar tilida Irmoq deganda umuman Daryo tushuniladi.