INDUKTIVLIK G’ALTAGI

INDUKTIVLIK G’ALTAGI — sig’imi va faol qarshiligi ancha kichik bo’lgani holda katta induktivlik qosil qiladigan spiralsimon o’tkazgich. Bir tolali, ba’zan, ko’p tolali izolyatsiyalangan simni tsilindr, toroid yoki to’g’ri to’rtburchak shaklli dielektrik-karkasga o’rab tayyorlanadi. Karkassiz Induktivlik G’altagi. ham bor. Induktivlik G’altagi simini bir qatlamli va ko’p qatlamli qilib o’rash mumkin. G’altak induktivligini oshirish uchun, ko’pincha, ferromagnit (elektrotexnika po’lati, permalloy, ferrit va boshqalar), o’zak qo’llaniladi. Induktivlik G’altagi induktivligi g’altak o’lchamlariga, o’ramlari soni kvadratiga va o’zakning magnit singdiruvchanligiga to’g’ri proprsional bo’ladi. U elektr filtrlar va tebranish konturlarining elementi sifatida, transformatorlarda, rele, magnitli kuchaytirgich, elektromagnit va boshqalarda qo’llaniladi. Mikromodullarda qo’llaniladigan yassi bosma g’altak, elektr mashinalarining chulg’amlari, ramkali va ferrit antennalar ham Induktivlik G’altagi xillari hisoblanadi.