YADRO FIZIKASI

YADRO FIZIKASI — fizikaning atom yadrosi tuzilishini va ularning xossalarini, radioaktiv yemirilish va yadro reaktsiyasi mexanizmini o’rganuvchi bo’limi. «Yadro fizikasi» atamasiga umumiy ma’no berib, Yadro fizikasiga ko’pincha elementar zarralar fizikasi ham kiritiladi. Ba’zan texnikaning mustaqil tarmoqlariga aylangan tadqiqot yo’nalishlari, masalan, tezlatish texnikasi, yadro energetikasi ham Yadro fizikasi bo’limlari hisoblanadi. Umuman Yadro fizikasi atom yadrosi mavjudligi aniqlanishidan avval paydo bo’lgan. Yadro fizikasining paydo bo’lishi radioaktivlik kashf qilingan vaqtdan hisoblanadi. Zamonaviy Yadro fizikasi tor soha va yo’nalishlarga aniq bo’linmagan. Odatda, past, oraliq va yuqori energiyalar Yadro fizikasi farqlanadi. Past energiyalar Yadro fizikasiga yadro tuzilishi masalalari, yadrolarning radioaktiv emirilishini o’rganish, shuningdek, energiyasi 200 MeV gacha bo’lgan zarralar keltirib chiqaradigan yadro reaktsiyalarini o’rganish kiradi. Energiyasi 200 MeV dan 1 GeV gacha bo’lgan energiyalar oraliq energiyalar deb, 1 GeV dan katta energiyalar yuqori energiyalar deb ataladi. Bunday bo’linish shartli bo’lib, tezlatish texnikasining rivojlanishi tarixi bilan bog’liq. Hozirgi zamon Yadro fizikasida yadro strukturasi yuqori energiyali zarralar yordamida tekshiriladi. Elementar zarralarning fundamental xossalari esa yadrolarning radioaktiv emirilishini tadqiq qilish natijasida aniqlanadi. Past energiyalar Yadro fizikasining tarkibiy qismi sekin neytronlarning modda bilan o’zaro ta’sirini va neytronlar ta’sirida boradigan yadro reaktsiyalarini tadqiq qiluvchi neytron fizikasidan iborat. Yadro fizikasining yangi sohasi ko’p zaryadli ionlar ta’sirida sodir bo’ladigan yadro reaktsiyalarini o’rganishdir. Yadrolarning elektronlar va fotonlar bilan o’zaro ta’sirini o’rganish Yadro fizikasining alohida yo’nalishini tashkil qiladi. Yadro fizikasining eksperimental vositalari majmui turlituman va murakkabdir. Uning asosini zaryadlangan zarralar tezlatkichlari, yadro reaktorlari, yadro nurlanish detektorlari tashkil etadi. Yadro fizikasining amaliy ahamiyati ham juda katta: yadro qurolini yaratish va yadro energetikasida, tibbiyotda (diagnostika va davolashda) keng qo’llanadi. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi yadro fizikasi institutit Yadro fizikasiga doir ilmiy tekshirish ishlari olib boriladi. O’zbekistonda Yadro fizikasini taraqqiy ettirishda U.O. Orifov, S.A.Azimov, R.Bekjonov, S.Yo’ldoshev, M.S.Yuno’sov, P.Q. Habibullaev va boshqalar olimlarning hissasi katta.