YAKKAXON QISQICHBAQALAR

YAKKAXON QISQICHBAQALAR, Zohid qisqichbaqalar — o’noyoqlilar turkumiga mansub dengiz qisqichbaqasimonlari oilasi. Uzunligi 17 santimetrgacha. Qorin qismi yumshoq, qattiq xitin qoplag’ichsiz; qisqichlari va qorni ko’pincha asimmetrik tuzilgan. 450 ga yaqin turi bor, ko’pchilik dengizlarda uchraydi. Qorni asimmetrik. Yakkaxon qisqichbaqalar yumshoq qornini qorinoyoqli mollyuskalarning bo’sh qolgan chig’anog’iga, simmetrik qorinli Yakkaxon qisqichbaqalar esa qurakoyoqli mollyuskalarning konussimon chig’anog’i ichiga bekitadi. Yakkaxon qisqichbaqalar chig’anoqni o’zi bilan olib yuradi; xavf tug’ilganida butun tanasi bilan chig’anoq ichiga kirib, yirikroq qisqichi bilan uning og’zini bekitib oladi (nomi shundan). Tanasi o’sgan sari chig’anog’ini boshqa katgarog’i bilan almashtiradi. Yakkaxon qisqichbaqalarning aktiniyalar va Marjon poliplar hamda dengiz halqalilari bilan simbioz yashashi ko’p uchraydi. Ular Yakkaxon qisqichbaqalar ni dushmanlardan himoya qiladi yoki uning chig’anog’ini tozalab berishi evaziga Yakkaxon qisqichbaqalar topgan oziqqa sherik bo’lishadi Yakkaxon qisqichbaqalar suv tubida loydagi organik qoldiqlar bilan ham oziqlanishi mumkin.