TARIQ
TARIQ (Panicum L.) — boshoqdoshlar oilasiga mansub bir yillik o’simliklar turkumi; don ekini. Vatani Xitoy va Mongoliya. Osiyo, Amerika, Afrikada keng tarqalgan. Afg’oniston, Hindiston, Janubiy Yevropa, Rossiya, Gruziya, Armaniston, Qozog’istonda katta maydonlarga ekiladi. 500 ga yaqin turi bor. Tariq qadimdan ekiladigan o’simlik. Osiyo, Yevropa va shimoliy Amerikada (miloddan avvalgi 3-ming yillikdan) o’stirilgan, Xitoyda 5 ming yildan beri ekib kelinadi. O’zbekistonda ko’pincha bahorikor yerlarga doni uchun 1 turi — oddiy Tariq (P. miliaceum L) ekiladi. Oddiy Tariq ro’vagining shakliga qarab yoyiq,chochoq, siqiq, oval, yarim g’uj va g’uj kenja turlarga bo’linadi. Ildizi popuksimon, 150 santimetr chuqurlikkacha boradi. Poyasi — poxolpoya (20-150 santimetr). Barglari nashtarsimon, tukli yoki tuksiz, yashil yoki qizg’ish, uzunligi 18-65 santimetr. Guli ikki jinsli. Doni qobiqli, shakli yumaloq, oval yoki cho’ziq, rangi oq, sariq, qizg’ish, jigarrang; 1000 donasi vazni 4-9 gramm. Tariq issiqsevar, qurg’oqchilikka, sho’rga chidamli o’simlik. Urug’i harorat 8-10° bo’lganda unib chiqadi, 12-15° da maysalari ko’kara boshlaydi. O’suv davri 60-100 (120) kun. Lalmi yerlarga aprelning oxiri — may oyining boshlarida, sug’oriladigan yerlarda aprel oxirida, takroriy ekin sifatida iyunning oxiri — iyulning boshlarida ekiladi. Tariq donida 10-15% oqsil, 50% uglevod, 3,8% moy mavjud. Donidan spirt olishda, bo’za tayyorlashda foydalaniladi, so’k, yorma, un tayyorlanadi. Oklangan doni (so’k) mazali va to’yimli oziq-ovqat mahsuloti. Tariq uni non yopishda ko’pincha javdar uniga qo’shiladi. O’zbekistonda Tariqning Saratov 853 navi ekiladi. Kasalliklari: qora kuya, bakterioz. Zararkunandalari: tariq chivini, poya parvonasi va boshqalar. Halima Otaboyeva.