TAXTIRAVON
TAXTIRAVON (taxt va forscha ravon — yuruvchi) — qadimgi va o’rta asr Sharq mamlakatlarida 2 uzun yog’ochga o’rnatilib ko’tarib yuriladigan o’rindiq. 2 uchidan 2 kishi ko’tarib yurgan. Taxtiravonda podsho, xon, Amir, lashkarboshi, turli amaldorlar, shuningdek, malikalar, badavlat xonadonlarga mansub ayollar ko’tarib yurilgan. Taxtiravon keyinchalik Sharqdan G’arb mamlakatlariga, xususan, Yunonistonga (miloddan avvalgi 4-asr), Rimga (miloddan avvalgi 1-asr) o’tgan. Dastlab Taxtiravondan ayollar va bemorlar foydalanishgan. Rim imperiyasida dabdababozlik belgisi hisoblangan (serhasham bezatilgan, ko’tarib yuruvchining tashqi qiyofasi, kiyimi bir xil bo’lishiga e’tibor berilgan).