YASAMA KO’Z

YASAMA KO’Z, ko’z protezi — chinni, shisha yoki plastmassadan yasaladigan sun’iy ko’z. Jarohatlanish yoki shikastlanish hamda ko’z kasalliklari oqibatida ko’z olib tashlanganda o’rniga Yasama ko’z qo’yiladi. Shisha yoki plastmassaga ko’zning oq pardasi, qon tomirlari, rangdor pardasi, qorachig’i chizilgan bo’ladi. Sog’lom ko’zning rangdor pardasi va sklera rangiga mos qilib olingan Yasama ko’z ko’z kosasining kattakichikligi va shakliga mos kelishi kerak. Odatda, yaxshi joylashtirilgan Yasama ko’z hech xalaqit bermaydi. Agar u botib, og’ritsa, yiring hosil qilsa, olib furasilinning 1:500 eritmasida yuvib, yana o’rniga qo’yiladi. Yasama ko’z eskirib qolganda (ustida chiziq va dog’lar paydo bo’lganda) tezda (ko’pincha 1,5 yilda) Yangisiga almashtirish kerak. Yasama ko’zni olish uchun pastki qovoqni tortib, yuqori qovoqni salpal bosish lozim. Uni joyiga qo’yish uchun Yasama ko’zning keng tomonini chakka tomonga, usti o’yilgan qirrasini burun tomonga qaratib, chap qo’lining bosh barmog’i bilan yuqori qovoqni ko’tarib turib, uning ostiga o’ng qo’lning uchta barmog’i bilan ushlab qo’yiladi. Standart Yasama ko’zlar respublikamizdagi maxsus protez punktlarida tanlanadi. Individual Yasama ko’zlar yirik shaharlarda tashkil etilgan ko’z protezlari zavodida va ko’zni protezlash laboratoriyalarida yasaladi.