YANGON

YANGON, Rangun — Myanma davlati poytaxti. Mamlakatning eng muhim iqtisodiy va madaniy markazi, eng katta shahri. Yangon viloyatining ma’muriy markazi. Aholisi 2,5 million kishi (1990-yillar boshi). Yangon daryosi bo’yida, Andaman dengizining Moutama qo’ltig’i yaqinida joylashgan. Iqlimi tropik, mussonli, yanvarning o’rtacha temperaturasi 27°, aprelniki 29°, yiliga 2000 millimetrdan ziyod yog’in yog’adi. Transport yo’llarining muhim chorrahasi. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Yangon portiga okean kemalari ham kira oladi. Mamlakatning asosiy sanoat korxonalari ya. va uning atrofida joylashgan. Sholi oqlash, taxta tilish, yog’moy, to’qimachilik, farmasevtika, jut, neftni qayta ishlash, po’latprokat, tayyor qismlardan avtomobil yig’ish, kemasozlik va kema ta’mirlash korxonalari mavjud. Hunarmandchilikda an’anaviy badiiy buyumlar va turli matolar, poyabzallar tayyorlanadi. Yangonda mamlakatning savdo-transport va bank-moliya ishlari amalga oshiriladi. Universitet, muzeylar, milliy kutubxona, nafis san’at maktabi va boshqalar bor. Shahar ilk bor buddaviylarning muqaddas joyi — Shuedagoun stupasi (ibodatxonasi) atrofida qishloq sifatida (avval okkala, keyinroq Dagon deb atalgan) vujudga kelgan. 1852 yilda inglizlar bosib olgan. 1862 yildan inglizlarning Myanma mustamlakasining ma’muriy markazi. 1948 yilda shaharda mamlakat mustaqilligi e’lon qilingan. Me’moriy yodgorliklardan Shuedagoun pagodasi majmuasi (miloddan avvalgi 5-asr) saqlangan.