FANTASTIKA

FANTASTIKA (Yunoncha phantastike — xayolan tasvirlash san’ati) — badiiy san’at turi. Fantastika realizm va naturalism yo’nalishidagi san’at, adabiyotlarning aksi. Ayrim o’rinda Fantastika realizm bilan ham qo’shilib ketadi. Fantastikaning shakli mifologik tushunchalarni, ertaklarni tasvirlashda ko’rinadi. Inson tasavvurida hayron qoldirarli xayoliy obrazlar va hodisalar, to’qima holatlar, ajoyibotlar olami badiiy asarda voqelikka, hayot haqiqatiga qaramaqarshi qo’yib tasvirlanadi. Fantastikaning adabiyot, san’atning boshqa tur va janrlaridan farqi shuki, uning tasvir sohasi amalda mavjud bo’lgan hayot emas, balki turmush haqidagi umumiy tasavvurdan kelib chiqadigan hayotdir. Shuning uchun hamma narsa va hodisalar jiddiy o’zgargan, bo’rttirilgan, taajjublantiradigan darajada bo’ladi. Fantastikaning maqsad va vazifalari fakat inson orzusini emas, balki kelajakda kutiladigan xatardan ogoh qilish, estetik zavq berish hamdir. Fantastika ko’pincha xalq og’zaki ijodida uchraydi. Lof, latifalar va dostonlarda Fantastikani o’ta bo’rttirilgan shaklda kuzatish mumkin («Alpomish», «Go’ro’g’li», «Manas» va boshqalar). Gomerning «Iliada» dostoni, M. Servantesning «don Kixot» asari, F. Rablening «Gargantyua yoki Pantagryuel» hajviy asari, J. Sviftning «Gulliverning sayohati», A. Dantening «Ilohiy komediya»si, M. Tvenning «Tom Soyerning sarguzashtlari», Gyotening «Faust», M. Bulgakovning «Ityurak» va boshqa asarlari Fantastika yo’nalishining ajoyib namunalari sanaladi. K. Chukovskiyning ertaklari, A. Kazantsevning «Yonuvchi Orol», A. Grinning «alvon yelkanlar» asarlari, X.K. Andersenning ertaklari ham kattalarga va bolalarga mos Fantastika janrida yozilgan. Hozirgi zamon chet el badiiy Fantastikasining namoyandalari sifatida yaponiyalik Kabo Abe, amerikalik Ayzek Azimovni, polshalik Stanislav Lem va boshqalarni ko’rsatish mumkin. Fantastikanafaqat adabiyotni, balki faylasuflarning yirik ijodiyotini ham tashkil qiladi. Fantastikada obrazlar ko’p hollarda yaxlit mazmunda bo’lsa, yana ayrim o’rinlarda ramziy ma’no kasb etadi. Hozirgi zamon o’zbek adabiyotida T. Malikning «Hikmat afandining o’limi», T. Hobilovning «oyga safar», X. To’xtaboevning «sariq devni minib», «Sariq devning o’limi», X. Shayxovning «Rene jumbog’i» asarlari Fantastika janrida yaratilgan. Fantastika badiiy adabiyotdan tashqari folklorda, falsafiy utopiyada, kino va teatrda, tasviriy san’atda ham mubolag’ali bo’rttirish bilan aks ettiriladi. Fantastika syujet qurilmalari va ramziy ma’nolarda ifodalanar ekan, muallifning yoki bir davrning dunyoqarashi, turmush tarzi va undagi muammolar mo»jizali, g’ayritabiiy shaklda tasvirlanadi. 19-20-asrlarda ilmiy Fantastika taraqqiy etdi. Ilmiy Fantastikaning asosiy vazifasi — kelajakni bashorat qilib, badiiy ifodalashdan iborat. Asosiy tasvir usuli — fikriy eksperiment (tajriba). 20-asrda ilmiy Fantastikaning ravnaqi jamiyat taraqqiyotida fan va texnikaning tobora o’sib berayotganligi bilan bog’liq. Shartli ravishda ijtimoiy upotiya va «antiutopiya» janrlari, falsafiy, «maishiy», yumoristik, «texnik» janrlar farqlanadi. Ilmiy Fantastika umumadabiy va o’ziga xos tasviriy vositalardan foydalanadi. Ilmiy Fantastikaning asoschilari — F. Bekon (16-a.), Berjerak, F. Gadvin (17— 18-asrlar). 19-asrda frantsuz fantasti J. Vern Shuhrat topdi. Uning «ajoyib sayohatlar» turkum romanlaridan «Kapitan Grantning bolalari», «yer yuzi bo’ylab 80 kunlik sayohat», «kapitan Gatterasning sarguzashtlari» keng tarqalgan. Ingliz yozuvchisi G. Uells «Zamon mashinasi», «ko’zga ko’rinmas odam», «dunyolar kurashi» romanlarida ilmiyfantastik vosita bilan katta ijtimoiy masalalarni o’rtaga qo’ygan. Sharq xalqlari og’zaki va yozma adabiyotida ilmiy Fantastika mavzui qadimgi zamonlardan beri salmokli o’rinni egallab kelgan. «Ming bir kecha» turkumiga kirgan hikoyalarda, o’zbek fantastik ertaklarida ilmiy Fantastikaga xos xususiyatlar mavjud. Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin» dostonidagi «oynai Jahonnoma» haqidagi epizodlar, «Saddi Iskandariy»dagi Mallu tilsimiga qarshi kurash bobi ilmiy Fantastikaning yaxshi namunalaridir. Hozirgi zamon o’zbek adabiyotida ilmiy Fantastikaga xos yo’nalish ko’proq hikoya va ocherklarda ko’rinmoqda. Ad.: Kagarliskiy Yu.Sh., Gerbert Uells, M., 1963; Ilenkov E. V., Ob esteticheskoy prirode fantazii, v SB.: Voprosi estetiki, VIP. 6, M., 1964. Shukur Jabborov.