KOGURYO
KOGURYO — qadimgi koreys qabilasi, keyinchalik milodning dastlabki asrlarida Koreya yarim orolidagi 3 ta davlat (Koguryo, Pekche, Silla) dan biri. Koguryo qabilasi milodiy 1-asr boshiga kelib Amnokkan daryosining o’rta oqimidagi hududlarda istiqomat qilgan. Koguryo davlati 4-asr oxirida ravnaq topgan. 612 yil u Xitoydagi Suy sulolasining bosqinchilik yurishini qaytargan. 668 yil Xitoyning tan sulolasi qo’shinlari Silla davlati bilan ittifoqlikda Koguryoni tor-mor qilgan. Koguryo yerlari ular o’rtasida taqsimlab olingan.