FUQARO MUDOFAASI

FUQARO MUDOFAASI – aholini dushmanning ehtimol tutilgan havo hujumidan himoya qilish va xalq xo’jaligining barqaror ishlab turishini ta’minlash uchun o’tkaziladigan umumdavlat tadbirlari tizimi. 20-asrning 50— 60-yillarida yirik davlatlarda tashkil etilgan. Fuqaro mudofaasining maxsus boshqaruv organlari, qo’shinlari, harbiylashtirilgan va harbiylashtirilmagan qismlari (bu qismlar mehnatga yaroqli aholi hisobidan tuziladi) bo’lgan. O’zbekiston Respublikasi hukumati 1991 yilda Turkiston harbiy okrugi Fuqaro mudofaasi shtabi va uning joylardagi bo’linmalari bo’lmish ilgarigi Fuqaro mudofaasi tizimini qayta ko’rib chiqib, uni fuqaro muhofazasi tizimiga aylantirdi. Ushbu tizimdan harbiy va militarizatsiya yo’nalishi chiqarib tashlandi. Ayni paytda uning inson xavfsizligini ta’minlash, hayoti va sog’lig’iga taxdidning oldini olish borasidagi vazifalari kengaytirildi. Bu tizim Mudofaa ishlari bo’yicha vazirlik tarkibiga Fuqaro mudofaasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi sifatida kiritildi. Prezident I. A. Karimov so’zlariga ko’ra, Fuqaro mudofaasi birinchidan, faqat xabardor qilish bilan shug’ullanib qolmay, balki ilmiy ma’lumotlardan, tarixiy tajribalardan, gidrometeomarkaz axborotlaridan, O’zbekiston hududining geologik o’ziga xos tomonlaridan foydalangan holda favqulodda vaziyatlarni bashorat qila olishlari, odamlar xavfsizligini ta’minlash va ob’yekt lar barqarorligini oshirish borasida tavsiyalar berishlari darkor. Ikkinchidan Fuqaro mudofaasi tashkilotlarining ko’rsatmalari barcha vazirliklar, boshqarmalar, mahalliy hokimiyat tizimlari, fuqarolar tomonidan bekamu ko’st bajarilishi lozim. Uchinchidan, Fuqaro mudofaasi tizimlari faqat ko’rsatmalar berish bilan chegaralanib qolmay, balki harbiylar sifatida rahbarlarni, fuqarolarni taklif etilgan muhandislik-texnik va profilaktik tadbirlarni bajarishga majbur etishlari va ushbu ishlarni tashkil etishlari lozim. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996 yil 4 martdagi farmoniga binoan, aholini va xalq xo’jaligi ob’ektlarini tabiiy ofatlardan muhofaza qilishning samarali tizimini tashkil etish, respublikada tabiiy va texnogen tusdagi favqulodsa vaziyatlarni oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligining Fuqaro mudofaasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi negizida O’zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil qilingan. Islom Inoyatov.