FUTSZYAN

FUTSZYAN — Xitoyning Janubiy Sharqiy qismidagi provintsiya. Tayvan bo’g’ozi sohili va Mintszyan daryosi havzasida. Maydoni 123 ming kilometr kvadrat. Aholisi 32,9 million kishi (1998). Ma’muriy markazi — Fuchjou shahri. Hududining aksari qismi tog’lik. Dengiz sohili kambar pasttekislik. Iqlimi tropik mussonli, sernam iqlim. Xo’jaligida dehqonchilik etakchi tarmoq. Asosiy ekini sholi, shuningdek, batat, shakarqamish, yer yong’oq, tamaki ham ekiladi. Tropik mevachilik va choy o’stirish rivojlangan. Chorvachilikda, asosan, cho’chqa boqiladi. Baliq ovlanadi. Yog’och, kamfara daraxtining po’stlog’i, lok daraxti mevasi, bambuk yarim mahsulotlari tayyorlanadi. Foydali qazilmalardan temir va marganes rudalari, toshko’mir konlari bor. Oziqovqat, yog’ochsozlik, to’qimachilik, qog’oz, qora va rangli metallurgiya, kemasozlik, mashinasozlik sanoati korxonalari mavjud. Hunarmadchilikda chinni idishlar, bambukdan ishlangan buyumlar tayyorlanadi. Yirik sanoat markazlari: Fuchjou, Syamin, Nanpin va boshqalar. Muhim dengiz porti — Syamin.