FAXRIDDIN MUBORAKSHOH

FAXRIDDIN MUBORAKSHOH — Marvarrudiy (12-asrning 2-yarmi — 13-asr boshlari) — tarixchi olim. Faxr mudir nomi bilan ham mashhur bo’lgan. Amin Ahmad Roziyning «Haft iqlim» nomli asaridagi ma’lumotlarga qaraganda, Faxriddin Muborakshoh va otasi g’uriyyaardan G’iyosiddin Muhammad (1163-1203) va G’iyosiddin Mahmud (1206-12) saroylarida xizmat qilgan va o’z zamonasining keng ma’lumotli kishilaridan hisoblangan. Faxriddin Muborakshoh 1206 yil mashhur «tarixi Muborakshoh» asarini yozgan. Bu asarni 30 yil davomida yozgan va G’iyosiddin Mahmudga sovg’a qilgan. Asar 136 qismdan iborat. Arabiston, Yaman, Shimoliy G’arbiy Hindiston, Afg’onistonda qadimgi davrdan 13-asrning boshigacha hukmronlik qilgan 136 sulola shajarasining qisqacha tarixi bayon etilgan. Markaziy va O’rta Osiyodagi turkiy qabilalarning xo’jalik faoliyati, turmushi, odatlari va tili to’g’risida muhim ma’lumotlar keltirilgan. Asarning yagona qo’lyozma nusxasi Angliya (Bodleyan kugubxonasi)da saqlanmoqda. Uning g’uriylar va turkiy xalqlar tarixiga oid qismi mashhur ingliz sharqshunosi E. Denison Ross tomonidan 1927 yil nashr qilingan.