IQTISODIY MUSTAQILLIK

IQTISODIY MUSTAQILLIK -milliy iqtisodiyotning chet davlatlarga bog’liqligini kamaytirish va milliy manfaatlarga xizmat qilishi uchun shart- sharoitlarning ta’minlanishi. Davlat mustaqilligining moddiy tayanchi, uni saqlab qolish va mustahkamlash sharti hisoblanadi, chunki iqtisodiy jixatdan ta’minlanmagan milliy mustaqillik o’zini himoya qila olmaydi, yashovchanlikdan mahrum bo’ladi. Jahon mamlakatlari taraqqiyoti tajribalari asosida Iqtisodiy mustaqillikning o’zaro uzviy bog’langan eng muhim mezonlari va ko’rsatkichlari aniqlangan. Ularga quyidagilarni kiritish mumkin. Milliy mulkning qaror topishi — muayyan mamlakatning moddiy va ma’naviy boyliklari shu mamlakatdagi turli mulk sohiblari egaligida bo’lishi, ularning bu mulkka mustaqil egalik qilish, ulardan foydalanish va erkin, chet el tazyiqisiz tasarruf etish huquqi ta’minlanishi kerak; milliy korxonalar va tashkilotlarning mamlakat iqtisodiyotidagi salmog’i shu mamlakatdagi chet el mulki salmog’idan kata bo’lishi lozim; Milliy manfaatlarning ustuvorligi — mamlakat iqtisodiyoti milliy manfaatga xizmat qilishi, yaratilgan daromadlar mamlakatda qolishi, uning katta qismi chet elga olib chiqib ketilmasligi (repatriatsiya), aksincha, iqtisodiyotning milliy sub’yektlari qo’lida qolishi, ishlab chiqarish natijalari mamlakat aholisi farovonligiga xizmat qilishi zarur. Ishlab chiqarish tuzilmasi milliy doiradagi takror ishlab chiqarishni ta’minlay olishi kerak. Iqtisodiyotning ochiqligi — Iqtisodiy mustaqillik iqtisodiy avtarkizm (biqiqlik) bilan sig’ishmaydi. Iqtisodiy mustaqillik mamlakat iqtisodiyotining chet el tovarlari, kapitali, ish kuchi migratsiyasi uchun muayyan darajada ochiq bo’lishini taqozo etadi. Iqtisodiy mustaqillik mamlakat chet el bilan iqtisodiy aloqalarini o’z milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda va erkin yuritadi. Iqtisodiy taraqqiyot yo’lini mustaqil tanlash — har bir mamlakat o’z kelajagini o’z imkoniyatlari va milliy xususiyatlariga qarab belgilaydi va unga erishish vositalarini erkin tanlaydi. Taraqqiyot modellari xilma-xil, lekin har bir mamlakat sharoitida o’xshashlik bo’lgan sharoitlarda modellar umumiy bo’lishi mumkin, ularning har birida o’ziga xos tomonlari albatta mavjud bo’ladi va uni amalga oshirish har bir mamlakatning o’z kuchi va imkoniyatiga tayanadi. Milliy investisiyalarning ustuvorligi — iqtisodiyot rivojiga qo’yiladigan investitsiyalarning asosiy qismi mamlakatning o’ziga tegishli bo’lishi zarur. Mustaqil mamlakat o’z investisiya resurslarini o’z iqtisodiyotining rivojiga sarflaydi, ammo xorij investitsiyalaridan ham ma’lum darajada foydalanadi. Xorij kapitali ustidan samarali nazorat — Iqtisodiy mustaqillik milliy iqtisodiyotning xorij kapitali uchun ochiq bo’lishini inkor etmaydi, lekin bu kapital faoliyati milliy manfaatlarga putur yetkazmasligi talab qilinadi. Bunga xorij kapitali ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini o’rnatish orqali erishiladi. Natijada xorij kapitali tomonidan milliy tabiiy boyliklarni talon-taroj qilinishiga, ekologiyaga zarar yetkazishga, ish o’rinlarini qisqartirishga, milliy kapitalni siqib qo’yishga yo’l berilmaydi. Milliy davlat chegaralarining mavjudligi va ularning daxlsizligi — milliy iqtisodiyotda chegaralarning mavjudligi uni himoya qilish vositalarini yaratishni ham bildiradi. Bular orasida mamlakat iqtisodiyotini chet el tajovuzidan himoya qilishda milliy valyuta va bojxona xizmati eng muhim o’rinda turadi. Milliy pul birligi mamlakatdagi yagona to’lov vositasi hisoblanadi, tovar va xizmatlarni faqat shu pulga sotib olish bilan mamlakat tovarlarining chetga tartibsiz chiqib ketishiga yo’l berilmaydi; bojxona to’lovlari, litsenziyalar va kvotalar orqali eksport va import tartibga solinadi. Mamlakatning chet ellardan olgan qarzining me’yorida bo’lishi — xalqaro kredit faoliyat ko’rsatadigan sharoitlarda davlatning chet mamlakatlardan qarz olishi yoki qarz berishi muqarrar hodisa, ammo chetdan olingan qarzning me’yordan oshib ketishi moliyaviy qaramlikni paydo etadi. Bunga yo’l qo’ymaslik uchun qarzdorlik me’yori nazorat qilinadi. Bu me’yorni aniqlashda qarz miqdori mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YAIM) va eksport hajmi bilan taqqoslanadi. Odatda, qarz miqdori YaIMning 50% dan ortmasligi talab qilinadi, ayni paytda qarzni eksportdan tushgan valyuta hisobidan qoplash imkoni xam bo’lishi e’tiborga olinadi. Iqtisodiy mustaqillik mutlak, emas, balki nisbiydir. Global sharoitlar o’zgarishi bilan Iqtisodiy mustaqillik mezonlari va ko’rsatkichlari o’zgaradi, chunki mamlakat iqtisodiyotiga tashqi sharoitlarning ta’siri kuchayadi. Iqtisodiy mustaqillik ko’rsatkichlari mamlakatlarning integratsiyalashuv darajasiga nisbatan teskari mutanosiblikka ega. Mamlakatlar qanchalik chuqur iqtisodiy integratsiyalashgan bo’lsa, milliylikdan globallik (umumiylik) tomon rivojlanish shunchalik jadallashganligidan darak beradi. Alisher Vahobov.