FURQAT
FURQAT (taxallusi; asl ism-sharifi Zokirjon Mullo Holmuhammad o’g’li) (1859, Qo’qon -1909, Yorkend) — taraqqiyparvar shoir, mutafakkir, publitsist. Mahallasidagi maktabda savod chiqargan, mudarris va kotiblardan xattotlik, Arab tilini o’rgangan. Madrasada o’qigan (1873-76). Alisher Navoiy ijodini, fors adabiyoti namoyandalari merosini chuqur o’rgangan, fors tilini mukammal o’zlashtirgan. 1876 yilda yangi Marg’ilon (hozirgi Farg’ona) shahridagi savdogar tog’asining iltimosiga ko’ra u yerga borib, savdo ishlarida unga yordamlashgan, keyinchalik o’zi ham kichik do’kon ochgan. Ayni paytda bilimdon ziyoli sifatida kishilarning arz va iltimoslarini rasmiy mahkamalarga arizalar shaklida bitib, mirzalik ham qilgan. Furqat Yangi Marg’ilonda ijodkor sifatida to’la shakllandi, o’z g’azallariga «Furqat» taxallusini qo’yib, Shuhrat qozona boshladi. Bu yerda o’tkazilgan yillar Furqatning xalqchil dunyoqarashi, ilg’or adabiy-estetik tushunchalarining shakllanishida ham muhim bir bosqich bo’ldi. 80-yillarning boshlarida Furqat Qo’qonga qaytib, oila quradi va, asosan, ijodiy ish bilan shug’ullanadi. Muqimiy va Muhyi yetakchi bo’lgan Zavqiy, Nodim, Nisbat, Muhayyir kabi ijodkorlar guruhi bilan bevosita muloqotda bo’ladi, ular uyushtirib turadigan adabiy majlislar, she’riyat kechalarining faol ishtirokchisiga aylanadi. Furqatning Qo’qondagi bu davr ijodi tur va mavzu, mazmun va shakl rang-barangligi jihatidan ham, sermahsulligi jihatidan ham diqqatga sazovor. U mumtoz she’riyat an’analari ruhida ko’plab ishqiy g’azallar, muxammaslar yaratgan. Alisher Navoiy asarlariga go’zal Nazira va taxmislar bog’lagan, uning she’rlarida ijtimoiy ruh va zamonaviylik tobora keng o’rin egallay boshlagan (masalan, «bo’ldi» radifli muxammasi va boshqa she’rlarida). Furqat xalqning siyosiy huquqsizligi va iqtisodiy nochor ahvolidan qayg’irgan («ne jurm o’ttiki bizdin, bunchalik Farg’ona tang bo’ldi?…») Qo’qon xonligining uzilkesil tugatilib, batamom mustamlakaga aylantirilishi voqeasiga bog’liq holda yaratilgan: «Demish xon bir kunikim, davru davronlar qayon qoldi?»misrasi b-n boshlanuvchi muxammasi ham Furqatning shu davrdagi ijodi mahsulidir. Toju taxtdan, sha’nu Shavkat va a’yonlardan maxrum bo’lgan Xudoyorxon nomidan bitilgan bu asar ham shoir ijodida zamonaviy ijtimoiy mavzu keng o’rin egallaganinint isbotidir. Furqatning ijodiy merosida an’anaviy she’riy turlar, o’zbek mumtoz adabiyotidagi asosiy mavzular yetakchi o’rin egallaydi. Uning g’azal va muxammaslari, bog’lagan taxmislari uzining hayotiyligi, musiqiyligi, nihoyatda samimiyligi bilan o’quvchini maftun etadi. Furqat she’rlarida onayurt tabiati va bahor go’zalligi, jo’shqin sevgi-muhabbat va chin insoniy fazilatlar, hayot shodliklaridan quvonish va turmush tashvishlaridan shikoyat qilish, umuman, odam va olam, kishilarning ma’naviy dunyosi, mehri va qahri yaqqol tasvirlangan. Masalan, «Bahor ayyomida gulgasht etarga bir chaman bo’lsa», «umr xush o’tmas bahor ayyomi sahro bo’lmasa», «Surmadin ko’zlar qaro, qo’llar xinodin lolarang», «Jannatning gullaridan gulzoringiz chiroylik», «Ko’ngul dardig’a topmay boraman hargiz davo istab», «fasli Navbahor o’ldi ketubon zimistonlar» kabi misralar bilan boshlanuvchi g’azallari, «yetti falak», «Biri», «istar ko’ngul», «do’st», «kokulung» radifli muxammaslari, Navoiy g’azallariga taxmislari davr she’riyatining ham g’oyaviy, ham badiiy jihatdan etuk namunalari hisoblanadi. Furqat she’riyatida mustamlaka tuzumining illatlarini qoralash, joriy adolatsizlik va zo’ravonlikdan, huquqsizlik va nochor hayotdan, nodonlarning zamonada e’tibor topib, donolarning xorzor etilishidan norozilik esda qolarli badiiy bo’yoqlarda tasvirlangan. «Charxk kajraftorning bir shevasidan dog’men: Ayshni nodon surub, kulfatni dono tortadur» kabi barkamol misralar shoir ijodidagi ijtimoiy yo’nalishni aks ettiradi. «Bormasmiz» radifli she’rida esa o’zbek milliy ruhiyati badiiy ifodalangan. Mashhur «Sayding qo’yaber, Sayyod…» musaddasida esa shoir shaxsning erkin yashash huquqini himoya qiladi, zulm va istibdodni qat’iy qoralaydi. Furqat xuddi shu yillarda «xammomi xayol» risolasini yozadi. «Chor darvesh» hikoyatini forschadan tarjima qiladi. «Nuh manzar» nomli she’riy kitob yaratadi. «Bulardin bo’lak har xil g’azaliyotim Farg’ona muzofotig’a (ya’ni, yonatrof qishloqshaharlariga) va digar mamlakatlarga muntashir (mashhur) bo’ldi», deb yozadi shoir. Xuddi shu yillarda Furqat ilk bor she’rlarini to’plab, majmua holiga ham keltirgan. Afsuski, shoirning o’zi qayd etgan risola, manzuma va tarjimalari kabi bu majmua ham shu kunga qadar topilgan emas. Furqat taxminan 1886-87 yillarda Marg’ilonga borib, u yerdagi masjidi jome hujrasida istiqomat qilgan, yoru birodarlari ko’magida kichik do’kon ochgan bo’lsada, asosan, she’riyat bilan shug’ullangan, shaharning ziyolilari, jumladan, Xo’jajon Rojiy, Muhammad Umar Ulshdmy Havoiy, Mulla Toshboltu Royiq kabi ijodkorlar bilan tanishib, adabiy suhbatlar qurgan. Furqat ilk bor gazeta bilan tanishib, uning «Toshkent shahrida bosma bo’lg’on»ligini shu yerda biladi. Yangilikka chanqoq, taraqqiyparvar shoirda ijtimoiy hayotda yuz bergan o’zgarishlarga, sekin-asta yoyila borayotgan fan va texnika namunalariga qiziqish uyg’onadi, yangiliklar bilan bevosita tanishish, o’z ko’zi bilan ko’rish ishtiyoqi zo’rayadi. 1889 yil boshlarida Toshkent safariga chiqadi, Xo’jandda to’xtab, Toshxo’ja Asiriy boshliq shoirlar, adabiyot muxlislari bilan uchrashadi, adabiy kechalarda ishtirok etadi. Nihoyat, 1889 yilning iyunida Toshkentga keladi. Toshkentdagi Ko’kaldosh madrasasi hujralaridan birida yashaydi. Ko’zga ko’ringan olim, fozillar bilan tanishadi. Sharifxo’ja eshon tavsiyasi bilan ma’lum muddat «Farhat» (shodlik, xursandlik) taxallusida she’rlar yozadi, lekin ko’p o’tmay, eski taxallusiga qaytadi. Furqat Toshkentda rus ziyolilari, yevropacha hayot tarzi bilan tanishdi. Chor ma’murlari shoirning teatr, gimnaziyaga, turli kontsertlarga kiritishni uyushtirdilar, ko’rgazmalarga olib bordilar. Yangi tarixiy sharoit tufayli yuz bergan o’zgarishlarni mushohada etish natijasida Furqat dunyoqarashida jiddiy o’zgarish bo’ladi va bu hol uning ijodida o’z badiiy ifodasini topadi — ma’rifatparvarlik, evropacha ilmmadaniyat, fan-texnikaga xayrixohlik shoir she’rlarining etakchi g’oyasiga aylana boradi. Bu esa Furqatning ko’p asrli o’zbek adabiyotiga yangi mavzular, yangi g’oyalar olib kirishiga zamin bo’ldi. Toshkentda ochilgan yerlar gimnaziyasi, maorif muassasalari, madaniyat va san’at o’choqlarini, tobora ko’proq kirib kelayotgan fan-texnika yangiliklarini kuzatish oqibatida uning «Ilm xosiyati», «gimnaziya», «Vistavka xususida», «AKT Majlisi xususida», «Toshkent shaxrida bo’lg’on nag’ma bazmi xususida», «Suvorov» va boshqa asarlari maydonga keldi va ularning barchasi 1890 yillarda «Turkiston viloyatining gazeti»da chop qilindi. Bu turkum asarlarida Furqat yangilik va taraqqiyotning, ilm-fan va yevropacha maorif-madaniyatning targ’ibotchisi sifatida namoyon bo’ladi; o’z vatandoshlarini zamonaviy bilimlarni puxta egallashga va ilg’or xalqlar qatoridan o’rin olishga da’vat etadi. Biroq Furqat ayrim zamondoshlari singari rus istilochilik siyosatining asl mohiyatini birdaniga anglay olmadi. Rus, Yevropa madaniyatparvarligi orqasida mahalliy ruslashtirish siyosati pinhon ekanligini so’ngroq tushunib etdi. Xuddi shu yillarda yaratilgan «shoir ahvoli va she’r mubolag’asi xususida» asarida Furqat ijodkor va badiiy adabiyot xususida ran ochib, she’riyatda realistik tasvir masalasini ko’tardi. Furqat haqli ravishda o’zbek publisistikasining asoschilaridan biri xisoblanadi. Furqatning publisist sifatidagi faoliyati 1890 yildan boshlandi. «Turkiston viloyatining gazeti»ga rasman ishga kirdi, gazetani tayyorlashda bevosita qatnatshchisi. Bir yildan ko’proq vaqt mobaynida Sattorxon kabi ilg’or ma’rifatparvarlar bilan hamkorliqsa ishlab, gazeta sahifalarida o’z maqolalarini e’lon qildi. Masalan, 1891 yil 1-yarmida «Xo’qandlik shoir Zokirjon Furqatning ahvoloti. O’zi yozgoni» publisistik asarini yozib, shu gazetada e’lon qildi. 1891 yil mayda Samarqandga bordi, osoriatiqalar bilan tanishdi, gazetaga xabarlar yo’lladi, keyin Buxoroda bo’ddi. Iyulda esa chet el sayohatiga chiqdi. Uning chet elga sayohati haqida turli taxminlar bor. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, u atayin keytib kelmaydigan qilib o’z yurtidan chiqarib yuborilgan. Xullas, 1891 yilning iyulida Marv —Ashxobod—Boku—Batumi orqali Istanbulga bordi. Do’stlariga yozgan maktublarida, voqealarni oldindan bilgandek, vatanidan bir umr ajralib qoladigan odamning kayfiyatini aks ettirdi. Masalan, Istanbuddan yozgan «Sabog’a xitob» she’riy maktubida Vatan ishtiyoqi, do’stlar sog’inchi, g’urbat azoblari va yolg’izlik motivlari birinchi o’ringa chiqqan. Furqat Istanbuldan Bulg’oriya va Yunonistonga o’gdi. Bolqon yarim orolining qator shaharlarida bo’ldi. 1892 yilning martida Istanbuldan O’rta dengiz orqali Arabistonga — Makka, Jidda, Madina sh.lariga bordi. Makkadagi haj ziyorati munosabati bilan «Hajnoma» asarini yaratdi. So’ng Bombayga keldi, Hindistonning qator viloyatlariga sayohat qildi. Uning bu davrda yozgan nasriy va nazmiy maktublarida tushkunlik, onayurt sog’inchi va iztiroblari aks etgan. «Adashganman» radifli hamda «Kashmirda», «bulbul» deb nomlanuvchi lirik she’rlar turkumi shu jihatdan o’ziga xos hijronnomadir. 1893 yil martida Furqat Kashmir va Tibet orqali Sharqiy Turkistonga borib, Yorkendda turg’un yashab qoldi. Oila qurdi. Tabiblikdan xabardor bo’lgan shoir dorivor o’simliklar bilan savdo qiluvchi do’kon ochdi, ijodiy ish va xattotlik bilan shug’ullandi. Furqat doimo Vataniga qaytish umidi bilan yashadi. Avval boshlagan «Sayohatnoma» asari ustidagi ishni Yorkendda davom ettirdi. Lekin bu asar hanuz topilgani yo’q. U yerdan Toshkentga publitsistik asarlar, turli mavzudagi xatmaqolalar, Farg’ona va Toshkentdagi yordo’stlariga maktublar yo’llab turgan. Furqat o’zbek matbuoti tarixida feleton janrini boshlab berdi («Hind nayrangbozi Yorkendda», 1905). Barkamol lirikasi, jozibali Nasri va ggublisistikasi bilan 19-asr oxiri va 20-asr boshlaridagi milliy adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa qushgan Furqat ona vatanidan uzoqda vafot etdi. Uning jasadi Yorkendning dongdor qabristoniga ko’milgan. 1990 yil shoir qabri ustiga maqbara qurilgan. Furqatning she’rlari kitob holida dastlab 1913 yilda Muqimiy she’rlari bilan birga bayoz holida toshbosmada bosilgan edi, 50-80-yillarda ko’p bor nashr etildi. Shoir hayoti va ijodi haqida qator ilmiy asarlar yozildi, dissertasiyalar yoqlandi, opera librettosi, kinossenariy va boshqalar yaratildi. O’zbekistondagi bir qator qishloq, tuman, maktab, ko’cha va xiyobonlar, bog’lar uning nomi bilan ataladi. As: tanlangan asarlar, 2 j.li, T., 1959; asarlar majmuasi [2 j.li], T., 1991. Ad.: Furqat va Muqimiy haqida maqolalar, T., 1958; Furqat (to’plam), T., 1959; Xolid Rasul, Furqat. Tanqidiy biografik ocherk, T., 1959; Abdug’afurov A., Zokirjon Furqat (hayoti va ijodi), T., 1977; Yusupov Sh., Furqat yo’llarida, T., 1984; Qayumov A., She’riyat jilolari. Abdurashid Abdug’afurov, Begali Qosimov