FUNKTSIYA
FUNKTSIYA (lotincha functio — bajarish, amalga oshirish) (tilshunoslikda) — muayyan til, til birligi, lisoniy shaklning u yoki bu vazifani bajarish qobiliyati; tilning kishilik jamiyatidagi roli, vazifasi; til tizimining barcha sathlarida uning birliklari o’rtasidagi bog’liqlik yoki munosabatlar. Til birligi Funktsiyasini belgilash uning muayyan til (til tizimi) dagi rolini aniqlashni ko’zda tutadi, masalan, gapda kommunikativ (biror narsa, voqea haqida xabar berish) va nominative (ushbu voqeani atash) Funktsiyalar ajratilishi mumkin. Har bir til birligi ma’lum maqsad uchun xizmat qiladi, ya’ni muayayn Funktsiyani (vazifani) bajaradi, shuning uchungina boshqa til birligidan farq qilgan holda mavjud bo’ladi. Til birliklarining ko’plab Funktsiyalari — o’xshatish, ajratish, farqlash Funktsiyalari ajratiladi; ana shu Funktsiyalarga muvofiq ravishda til birliklarining o’zlari ham farqlanadi, ajratiladi. Masalan, fonema turli so’z va morfemalarni farqlash yoki ular orasiga chegara qo’yish uchun xizmat qiladi. Funktsiyalar nafaqat til birliklarini, balki tilning o’zini tizim sifatida tavsiflashda ham o’rganiladi. Tilning asosiy Funktsiyalari: kommunikativ (muomala, aloqa qilish Funktsiyasi), bilish, aks ettirish, shakllantirish, aloqa o’rnatish, nominativ (borlikdagi narsa va hodisalarni nomlash, atash), ekspressiv (ifoda, bayon Funktsiyasi), apellyativ (murojaat, undash, da’vat Funktsiyasi) va boshqalar. Til Funktsiyalari qatorida uning sathiy Funktsiyalari — fonologik, morfologik va boshqalar. Funktsiyalari ham ko’rsatiladi. Funktsional nuqtai nazardan til tizimi ko’p o’lchovli tuzilma bo’lib, uning namoyon bo’lish shakllari (og’zaki va yozma til), ijtimoiy maqsadvazifasi (adabiy til, ijtimoiy guruhlar tillari, argo va boshqalar), estetik yunalganligi (poetik til) va boshqa jihatlari farqlanadi.