XARAKIRI

XARAKIRI (yaponcha xara — qorin va kiri — yormoq, kesmoq) — Yaponiyada qornini yorib tashlash orqali shaxsning o’z joniga qasd qilishi. O’rta asrlardan ma’lum. Samuraylar orasida qabul qilingan bo’lib, hukmga binoan yoxud ixtiyoriy suratda (samurayning o’z homiysi, xo’jayiniga sadoqat belgisi sifatida, samurayning «or-nomusi toptalgan» chog’da va boshqa holatlarda) amalga oshirilgan. 2-jahon urushida Yaponiya yengilgach (1945 yil avgust), bir qancha yapon soldat va zobitlari ittifoqchi qo’shinlarga asir tushmaslik uchun Xarakiriga amal qilib, o’zlarini o’ldirganlar. Hozirgi Yaponiyada Xarakiri hodisalari kam uchraydi.