FILIPP II

FILIPP II (Philippos), (miloddan avvalgi.taxminan 382 — 336), Sharqda Faylaqus — Makedoniya podshosi (miloddan avvalgi 359 yildan). Aleksandrning otasi. 359 yilda Makedoniyani birlashtirib, yagona davlat tuzishga erishadi. Makedoniyaning mavqeini ko’tarish, uning siyosiy, iqtisodiy, ayniqsa, harbiy rolini kuchaytirish maqsadida bir qancha harbiy islohotlarni amalga oshiradi. Muntazam qo’shin va kuchli harbiy dengiz floti hamda Makedoniya falangasini tashkil qiladi, yagona pul birligini joriy etadi, oltin tangalar zarb qildiradi. 359-336 yillar davomida Peoniya, Fessaliya, Illiriya (bir qismi) kabi qo’shni davlatlar, so’ngra esa Xalkidika va boshqalar Egey dengizi bo’yi mamlakatlarini zabt etadi. Makedoniya tobeligiga Epir, Frakiya va boshqalar tushib qoladi. 338 yil Filipp II Xeroneya yaqinida yunonlarning Birlashgan harbiy kuchlarini tormor etadi. Natijada, Yunoniston Makedoniyaning yakka hokimligini tan oladi. Shundan so’ng Filipp II fors hududlariga yurish qilishni rejalashtiradi. Biroq saroy fitnasi natijasida o’ldiriladi. Ushbu suiqasdda Filipp II ning xotini, ya’ni Aleksandrning onasi Olimpiadaning ham qo’li borligi xususida mishmishlar tarqaladi. Aleksandr suiqasd ishtirokchilarini qidirib topadi va ularni jazolaydi. Filipp II ulimidan keyin 20 yoshli Aleksandr Makedoniya taxtiga o’tiradi. Ad.: Plutarx, Izbrannie jizneopisaniya, t. 2, M., 1990.