FIN TILI

FIN TILI — fin-ugor tillari oilasidagi boltiqbo’yifin guruhiga mansub til. Finlyandiya, Shvesiya, AQSh, Kanada, Rossiya, Norvegiya va boshqa bir qancha mamlakatlarda tarqalgan. O’tgan asr oxiridagi ma’lumotlarga qaraganda, Fin tilida so’zlashuvchilarning umumiy soni 5,5 million kishidan ortiq (Finlyandiyaning o’zida 4,8 million kishiga yaqin). Finlyandiya Respublikasining rasmiy tili (shved tili bilan birga). Finlyandiya hududida 8 ta asosiy lahja ajratiladi: Janubiy g’arbiy (suomi), em (xyame), ular oraligidagi Janubiy Botnik, o’rta Botnik, shimoliy Botnik, shimol, savo, Janubiy Sharqiy. Fin tili — muayyan flektiv elementlarga ega bo’lgan agglyutinativ til. Fonologik tizimi 8 unli va 13 undosh fonemadan iborat; ularning har biri (j, v, h, d dan tashqari) cho’ziqlik darajasi bo’yicha qarama-qarshi qo’yiladi; bu imloda a— aa, o—oo, t—tt, r—RR kabi (qisqacho’ziq) aks etadi. Ba’zi tuzilmalarda unlilar garmoniyasi kuzatiladi. Unli fonemalar miqdori diftonglar (16 ta) hisobiga ko’payadi. Morfologik belgilari: jins kategoriyasi yo’q; otlar 13 kelishik bilan o’zgaradi; fe’llar 2 xil tuslanishda, 4 mayl, 4 zamon, 3 shaxs shakllari bilan o’zgaradi, sintaksis sohasida so’z tartibi nisbatan erkin. Adabiy tilning shakllanishi va rivojlanishida 2 davr: eski fin (1540— 1820) va yangi fin (19-asrning 20-yillaridan boshlab) davrlari ajratiladi. Finlyandiyaning shved mustamlakasidan ozod bo’lguniga qadar (1809) rasmiy til sifatida shved tili ustunlik qilib, adabiy Fin tili deyarli rivojlanmagan. Yangi Fin tili davri ham 2 bosqichdan: ilk yangi fin (1820-70) va hoz. fin (1870 yildan) bosqichlaridan iborat. Ilk fin davrida adabiy til og’zaki til bilan yaqinlashdi. 1863 yildan boshlab Fin tili rasman shved tili bilan teng huquqlarga ega bo’ldi: maktablar va universitetlarda o’qitila boshladi, unda gazeta, jurnal va badiiy adabiyot nashr etiladigan bo’ldi. 19-asrning 70-yillariga kelib hozirgi adabiy Fin tilining asoslari yaratildi. 1919 yil Fin tili Finlyandiyaning rasmiy tili deb e’lon qilindi. Yozuvi lotin grafikasi asosida (16-asrdan).