FOLKLORSHUNOSLIK

FOLKLORSHUNOSLIK – xalq ijodi haqidagi fan. Folklorshunoslik turli davrlarda va turli mamlakatlarda etnografiya, adabiyotshunoslik, musiqashunoslik, antropologiya va sotsiologiyaning bir qismi sifatida qaralib kelgan. Keyinchalik xalq san’atini (xalq og’zaki ijodi, musiqa folklori, raqsi, teatri, tsirki kabi) o’rganuvchi mustaqil va maxsus fan sifatida rivojlanadi. Filologiya va san’atshunoslik fanlari bilan uzviy bog’liqdir. Folklorshunoslikning asoslari qadimgi dunyo estetik tafakkuriga borib taqaladi. Qadimgi dunyo sayyohlari va tarixchilarining afsona va rivoyatlar, turli urfodat va marosimlar haqidagi qaydlari, yozuvchi va bastakorlarning folklor to’g’risidagi dastlabki fikrlari Folklorshunoslik uchun muhimdir. Turkiy xalklarda folklor materiallarini yozib olish bo’yicha dastlabki tajribalar 11 asrdan boshlab ko’zga tashlanadi (Maxmud Koshg’ariyning «Devonu lug’otit turk» asaridagi folklor materiallari). Shu bilan birga, yozuvchi va shoirlar tomonidan ertaklar, miflar, afsona va rivoyatlarni qayta ishlash jarayoni ham boshlandi. 18-asr va 19-asr boshlarida folklorga nisbatan ilmiy qiziqishning kuchayishi, xalq og’zaki ijodi materiallarini to’plash va nashr etish jadal rivojlanishi bilan bog’liq holda uni chinakamiga o’rganish boshlandi. Natijada Yevropa va Rossiya folklorshunosligida turli yo’nalishlar, maktablar yuzaga keldi. Shunday maktablardan biri mifologik maktab bo’lib, folklor janrlarining yuzaga kelishini qadimgi miflarga bog’laydi. Ma’rifatparvarlar esa, folklorning demokratik va sinkretik xarakterini, undagi umuminsoniy va milliy xususiyatlar birligini o’rganishga aloqida e’tibor berdilar. 19-asr o’rtalaridan boshlab folklorni ilmiy printsiplar asosida to’plash va nashr etishning yanada kuchayishi Folklorshunoslikda yangi yo’nalish — «sayyor syujetlar» nazariyasini yuzaga keltirdi. Bu nazariya tarafdorlari o’xshash syujet, motiv va obrazlardagi murakkab jarayonlarni hisobga olmay, ularni bir xalqdan ikkinchi xalqning shunchaki o’zlashtirishi, deb talqin qildilar. Antropologik maktab tarafdorlari esa, xalq ijodidagi o’xshash hodisalarni turli millat va irqlarning umumiyligi bilan izohlamoqchi bo’ldilar. Ijtimoiy hodisalarni bunday biologik qonunlar asosida tushuntirishga urinish hozirgi zamon Folklorshunoslikda turli-tuman oqimlarni (freydizm, neomifologizm va boshqalar) yuzaga keltirdi. Folklorni xalq tarixi bilan bog’liq holda o’rganishda tarixiy maktab vakillari katta ishlar qildilar. Folklor asarlari syujetlarining tarixiy-geografik tarqalish arealini belgilash, ularni tasniflash, sistemaga solish va kataloglashtirishda fin maktabi vakillari ham birmuncha yutuqlarga erishdilar. Hozirgi paytda dunyoning deyarli barcha mamlakatlaridagi tegishli institutlarda folklor sektorlari mavjud. Shuningdek, turli mamlakatlarda xalqaro yoki muayyan mintaqa bo’yicha har xil jamiyatlar ham bor. Masalan, YUNESKO huzuridagi Etnologiya va folklor xalkaro jamiyati, Xalq musiqasi xalqaro kengashi, Folklor o’rtoklik jamiyati kabilar shunday ilmiy tashkilotlardir. O’zbek folklori namunalarini to’plash va nashr etish ishlari 19-asrning 2-yarmidan boshlab ahyon-ahyonda ko’zga tashlanib tursada (H.Vamberi, N.P.Ostroumov to’plamlari, «hikoyati Go’ro’g’li Sulton», «Yusuf bilan Axmad» kabi nashrlar), uni chinakamiga to’plash va nashr etish ishlari 1919 yildan yo’lga qo’yila boshlandi. Yangicha yo’nalishda shakllana boshlagan o’zbek Folklorshunoslikning dastlabki bosqichi (1918—25 yillar) o’sha davr sharqshunosligi va o’lkashunosligi erishgan yutuqlarni izchillik bilan o’zlashtirishga intilish, folklor materiallarini jadal jamlash, xalq hayoti va maishiy turmushining barcha tomonlariga kirib borishga urinish bilan ajralib turadi. Bunda G’ozi Olim, G’ulom Zafariy va Elbeklarning faoliyatlari muhim ahamiyatga ega bo’ldi. 20-yillarning 2yarmidan boshlab yana xam jiddiy yutuqlar qo’lga kiritildi. Ergash Jumanbulbul o’g’li, Fozil Yo’ldosh o’g’li, Po’lkan shoir kabi atoqli dostonchilar aniklandi. Ular ijrosida birinchi marta epik asarlar to’la yozib olina boshladi, xalq san’atkorlariga ijodkor sifatida qarab, original kuzatishlar olib borildi. Bu ishda o’zbek folklorshunosligi o’zining mustahkam ilmiy yo’nalishiga ega bo’ldi, uning asosi yaratildi. 30-yillarda Folklorshunoslikga B.Karimov, Sh.Rajabov, M.Afzalov, M.Alaviya, Z.Husainova kabi folklorshunoslar kelib qo’shildilar. Folklorni to’plash va o’rganishga, bir qancha epik asarlar hamda xalq ijodi namunalarini nashr etishga alohida e’tibor berildi, folklor bo’yicha xrestomatiya va o’quv qo’llanmalari tuzildi. Bu davrda xalq teatri, raqsi va tomosha san’ati (tsirki)ni o’rganish boshlandi. G’.Zafariy, A.Qodiriy, M.Gavrilov, A.Borovkov, A.Troiskaya va boshqalar bu sohada samarali ijod qildilar. Musiqa xalq san’atini o’rganishda esa V.Uspenskiy, E.Romanovskaya, N.Mironov, Ilyos Akbarov, Yunus Rajabiy va boshqalarning hissalari katta. 2-jahon urushi yillarida jangchilarni vatanparvarlik va qaxramonlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi folklor asarlariga katta ahamiyat berilganligi bu davr Folklorshunoslikning muhim xususiyatidir. V.M.Jirmunskiy va H.Zarifovlarning «O’zbek xalq qahramonlik eposi» kitobi yaratildi va Moskvada nashr etildi (1947, mufassil bayoni 1958 yilda Germaniyada nemis tilida ham bosilib chiqdi). 60-yillarning oxirlaridan boshlab, xususan, mustaqillik yillarida folkloristik ishlarning miqyoslari yanada kengaydi, ekspeditsiyalar uyushtirish doimiy ravishda yo’lga qo’yildi, nisbatan yirik, miqyosan keng, fundamental ishlarni yaratishga intilish kuchaydi. Folklorning turli janrlariga bag’ishlangan monografiyalarning yaratilishi, «O’zbek folklori ocherklari», «O’zbek xalq ijodi bo’yicha tadqiqotlar» nomida turkum to’plamlarning yuzaga kelishi, «Uzbek xalq ijodi», «bulbul taronalari», «Alpomish» dostonining akademik nashri kabi ulkan nashrlarning amalga oshirilishi bunga yorqin misoldir. Bu ishlarni amalga oshirishda H.Razzoqov, T. G’oziboyev, O.Sobirov, J.Qobulniyozov, M.Saidov, M.Murodov, A.Qahhorov, X.Egamov, T.Mirzaev, K.Imomov, G’.Jalolov, B.Sarimsoqov, O.Safarov, S.Ro’zimboev, M.Jo’raev, A.Musaqulov kabi folklorshunoslarning hissasi nihoyatda katta bo’ldi. San’atshunos olimlar F.Karomatov, M.Qodirov, R. Abdullaevlar O’zbekistonda musiqa va teatr Folklorshunoslikning rivojlanishiga munosib hissa qo’shmoqdalar. Ad..Azadovskiy M.K., Istoriya russkoy folkloristiki, t. 1-2, M., 1958— 1963; Muzikalnaya folkloristika v Uzbekistane, T., 1963; Zemlya Nova L.M., Sovremennaya Amerikanskaya folkloristika, M., 1975; Hodi Zarif, O’zbek folkloristikasi tarixidan //O’zbek folklori masalalari, T., 1970; Mirzaev T., Hodi Zarif, T., 1967; Qodirova M., Muzayyana Alaviya, T., 1968. To’ra Mirzayev.