ABDULLAYEV

ABDULLAYEV Abdulhaq Oqsoqolovich (1918.30.12, Turkiston shahri) — rangtasvir ustasi. O’zbekiston xalq rassomi (1968), O’zbekiston BA faxriy a’zosi (1997). Samarqand badiiy bilim yurtida (1931 — 36) va Moskva badiiy institutida (1938 — 41) ta’lim olgan. Ijodini manzara va portretlar chizish bilan boshlagan («Hovuz bo’yida», 1932; «Yoz», 1937; «Do’stim portreti», 1937). Kishilarning holat va kayfiyati, ma’naviy, yorkin qiyofalari mohirona ifodalangan portretlari b-n mashhur: «Abror Hidoyatov Otello rolida» (1946), «Mannon Uyg’ur» (1946), «Oybek» (1949), «Nazarali Niyozov» (1949), «Jiyan Shaxlo» (1959), «Komil Yashin» (1960), «Navoiy» (1973), «Yo. To’raqulov» (1975), «O. Sodiqov» (1978) va boshqalar; shuningdek ruhiy dunyosi va kechinmalari ifodali tasvirlangan («Muallif portreti», 1937; «Muallifning qirg’iz qalpok kiygan portreti», 1980; «Muallifning 15-asr kiyimidagi portreti, 1984 va boshqalar) bir qator avtoportretlar ham yaratdi. Manzaralar («Yomg’irdan so’ng», 1954; «Bahor keldi», 1955; «Xumsonda», 1961 va boshqalar), natyurmortlar («Olma», 1962; «Uzum va shaftoli», «Qovun bilan Xandalak», 80-yillar va boshqalar) muallifi. 1957 yil Hindiston safari taassurotlari asosida bu o’lka manzaralari («Tongda Tojmahal»), kishilari (I. Gandi, S. Ketchlu) ni etyud va kartinalarida aks ettirgan. 80-yillarda O’zbekistonning mashhur kishilarining portretlarini ishladi. Asarlari xalqaro ko’rgazmalarda namoyish kilingan. Navoiy portretini yaratish ustida izlanishlar mahsuli sifatida yuzaga kelgan asarlari Toshkentdagi adabiyot muzeyida (1968), Andijon adabiyot va san’at muzeyida (1969), O’zbekiston san’at muzeyida (1980-84) va boshqa joylarda saqlanadi. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1977). «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan (1998). Ad.: A. Abdullayev: albom reproduktsiy, T., 1983.

ABDULLAYEV Abdumavlon Abdullayevich (1930.13.7, Namangan viloyati Pop tumani) — biolog-botanik olim, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi (1995). O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi, prof. (1980). O’rta Osiyo universitetining biologiya-tuproqshunoslik fakultetini tugatgan (1952). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi o’simliklar eksperimental biologiyasi (hozirgi Genetika va o’simliklar eksperimental biologiyasi) institutida ilmiy xodim (1957 -67), laboratoriya mudiri (1967 yildan), direktor (1971 -82 va 1985 — 89). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi qishlok xo’jaligi fanlari bo’limi raisi (1997-98). Abdullayev ilmiy ishlari selektsiyada g’o’zaning yaqin qarindosh va geografik uzoq, yovvoyi tur hamda formalaridan foydalanish, g’o’zaning filogenetik sistematikasi muammolariga bag’ishlangan. Abdullayev g’o’za yovvoyi turlarining kariologiya evolyutsiyasi nazariyasini asoslab berdi. G’o’zaning yovvoyi turlarini yig’ish bo’yicha uning kelib chiqish markazlari bo’lgan Meksika (1975), Peru (1984), Tseylon, Xindiston, Xitoy (1989 — 90), Avstraliya (1997) ga uyushtirilgan ekspedisiyalarga boshchilik qildi. As: evolyutsiyasi sistematika poliploidnix vidov xlopchatnika, T., 1974; G’o’za turlari, T., 1977 (M. V. Omelchenko bilan hamkorlikda); xlopchatnik, T., 1985 (A. Dariyev bilan hamkorlikda).

ABDULLAYEV Abdug’ani (1953.25.6, Farg’ona viloyati) — yog’och o’ymakori, O’zbekiston Respublikasi xalq ustasi (1999). Usta Q. Haydarovning shogirdi. Ustozi bilan birgalikda Toshkentdagi «Farg’ona» choyxonasi, Xalqlar Do’stligi saroyi, «Zarafshon» restoranidagi o’ymakori naqshli panjara, darvoza, eshik, namoyonlarni ishlagan. 1983 yildan mustaqil ishlaydi. Ilk bor Olim Xo’jayev nomidagi teatr (Guliston shahri) binosi uchun 20 dan ortiq o’ymakori eshik, darvoza, panjaralarni tayyorladi. Bir qator jamoat binolari, choyxonalar (Farg’ona, Isfara shahri), «Muborak» restorani (Toshkent), qarshi teatri va boshqa binolari uchun noziq islimiy o’yma naqshlar bilan bezatilgan ustun, eshik, darvoza, panjaralar yaratdi; Imom al-Buxoriy majmuasiaati yog’och o’ymakorligi ishlariga rahbarlik qilib, shogirdlari bilan birga sharafalar, hovuzaklar tayyorladi, ayvonlar shiftini vassajuft yopish, o’ymakori ustunlari yaratishda yuksak mahorati namoyon bo’ldi (1998), Toshkentdagi «Xotira maydoni» (1999) dagi ayvonlarning o’yma naqshli ustunlarini milliy me’morlik an’analari asosida yuksak mahorat bilan bezadi. 1973 yildan xalqaro ko’rgazmalarda badiiy asarlari bilan qatnashadi.

ABDULLAYEV Anvarjon Abdullayevich (1942.14.1, Shahrixon tumani) — O’zbekiston Respublikasi xalq o’qituvchisi (1995). Namangan pedagogika institutini tugatgan (1967). 1965-98 yillarda Shahrixon tumanidagi 1-maktabda tasviriy san’at va chizmachilik fani o’qituvchisi (ayni vaqtda 1965-76 yillarda maktab direktori o’rinbosari). Abdullayev mehnat faoliyati davomida texnika vositalari va ko’rgazmali qurollardan unumli foydalangan. Maktabda «tabiatning o’zi rassom» mavzuida tasviriy san’at muzeyi tashkil etgan.

ABDULLAYEV Vohid Abdullayevich (1912.15.5 — Samarqand — 1985.30.7) -adabiyotshunos. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi (1966), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1973). Filol. fanlari Doktori (1959), professor (1960). 1932 yil Farg’ona pedagogika institutini bitirgan. Abdullayev 1935 — 43 yillarda Buxoro va Samarqand pedagogika institutlarining, 1944 — 69 yillarda Alisher Navoiy nomidagi Samarqand universiteti o’zbek adabiyoti kafedrasining mudiri, 1963 yildan shu universitet rektori. 1930 yildan she’rlar, ilmiy maqolalar yoza boshlagan. «Samarqand sayli» (1970) she’riy kitobi nashr etilgan.»Navoiy Samarqandda» (1948), «Nishotiy va uning «Husni dil» dostoni», «Xoksor va uning «Muntaxab ul-lug’ot» kitobi» (1955), «Nishotiy va Xoksor» (1960), «O’zbek adabiyoti tarixi» (1964), «Saylanma» (1982) kabi kitoblari o’zbek adabiyoti va adabiyotshunosligi masalalariga bag’ishlangan. Abdullayevning oliy o’quv yurtlari uchun «O’zbek adabiyoti tarixi» darsligida 17 — 19-asrlardagi o’zbek adabiyoti tarixi tadqiq etilgan.

ABDULLAYEV Gafar Gaydarovich (1896.15 (28).2, Ozarbayjon — 1951.9.2, Samarqand) — O’zbekiston Fanlar Akademiyasi muxbir a’zosi (1943), tibbiyot fanlari Doktori (1941), professor. (1941). Sammi ko’z kasalliklari klinikasida assistent (1931 — 34), dotsent (1934 — 35) va kafedra mudiri (1935 — 51). Abdullayev traxoma kasalligini yangicha davolash va oldini olish usullarini ishlab chiqqan.

ABDULLAYEV Do’stmurod (1950, Samarqand viloyati Paxtachi tumani Eshonqora qishlog’i) — O’zbekiston Qahramoni (1999). Samarqand qishloq xo’jaligi institutini tamomlagan (1985). Paxtachi tumanidagi Ro’ziqul Maxmanov nomli jamoa xo’jaligida mexaniq uchastka agronomi bo’lib ishladi (1973-84). 1984 yildan shu xo’jalikda g’allachilik brigadasi boshlig’i. O’zbekiston Respublikasining g’alla mustaqilligini ta’minlash yulida g’allachilikni rivojlantirishda ilg’or texnologiyalarni qo’llab, bug’doydan muntazam ravishda har gektardan barqaror 50-55 tsentner hosil olishga erishdi.

ABDULLAYEV Jo’ra Abdullaevich (1927, Toshkent) — energetik olim, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi. (1989), texnika fanlari Doktori (1973), professor (1982). O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1980), O’rta Osiyo politexnika institutini bitirgan (1953). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Energetika va avtomatika institutida katta ilmiy xodim (1959 — 60), O’zbekiston energetika va avtomatika ilmiy tadqiqot institutida laboratoriya mudiri (1960 76), Toshkent elektrotexnika aloqa instituti rektori (1971 — 92), shu institutda maslahatchi (1996 yildan). O’zbekiston Oliy va o’rta maxsus ta’lim vaziri (1992 — 94). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi prezidenti vazifasini bajaruvchi (1994 — 96). Asosiy ilmiy ishlari boshqarish tizimlarida axborotlarga tezkor ishlov berish va axborotlarni uzatish nazariyasi, ko’p bo’g’inli tizimlarda xatolarni aniqlash va bartaraf kilish, ko’p bo’g’inli elementlardagi raqamli qurilmalarning ishonchliligini ta’minlash, aloqada raqamli tizimlarni qo’llash masalalariga bag’ishlangan. Kosmonavtikaga doir ishlari ham bor. Ad.: Jo’ra Abdullayevich Abdullayev, Biobibliografiya, T., 1997.

ABDULLAYEV Ismatulla (1927.10.3, Namangan) — sharqshunos, manbashunos olim. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1989), Filologiya fanlari Doktori (1979). Namangan o’qituvchilar institutini (1944), O’rta Osiyo davlat universitetining Sharq fakultetini tamomlagan (1951). Namangan pedagogika institutida o’qituvchi (1951-57), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim (1957-92), Namangan davlat untida kafedra mudiri (1993 yildan). Ilmiy faoliyati Movarounnahr va Xuroson shoirlarining Arab tilidagi 10-11-asr boshlaridagi she’riyatiga bag’ishlangan. Abdullayev Arab tilidagi bir qator ilmiy hamda hozirgi zamon Arab yozuvchilari (Abdurahmon al-Hamisiy, Abdurahmon ash-Sharqoviy, Usoma ibn Munqiz va boshqalar) ning badiiy asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan. Beruniy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1989). As: Buxoroning arabiynavis shoirlari, 1965; Abu Mansur as-Saolibiy, 1972.

ABDULLAYEV Lutfulla Abdullayevich (1912.25.10, Mirzacho’l -2000.2.10, Toshkent) — rangtasvir ustasi, O’zbekiston xalq rassomi (1950). Samarqand badiiy bilim yurtida ta’lim olgan (1930 — 35). Toshkent badiiy bilim yurtida o’qituvchi (1935 — 37). Abdullayev asarlari dolzarb, mazmunli, g’oyaviy va murakkab syujetli, jonli va yorqin obrazlarga boy. «Mulla To’ychi Toshmuhamedov portreti» (1938), «Qahramonni kutib olish» (1947), «Do’stlarning uchrashuvi» (1961) va boshqalar. Hajviy karikaturalari «Mushtum» jurnalida muntazam bosilgan. 15 dan ortiq kitoblarni badiiy bezadi: A. Qodiriyning «Mehrobdan chayon» tarixiy romani (1961, rus tilida), Oybekning «bolalik» (1963), F. G’ulomning «Shum bola» (1964) qissalari va boshqalar. «Osiyo ustida bo’ron», «O’tgan kunlar», «Mehrobdan chayon» va boshqa filmlarga liboslar eskizlarini tayyorladi. O’zbekiston tabiati aks etgan manzaralar, agitplakatlar (ayniqsa 2-jahon urushi yillarida), portretlar («Navoiy nomidagi teatr qurilishida», 40-yillar, «Mening zamondoshlarim — adabiyot va san’at arboblari» — guruh portretlari, 1989) ham yaratdi. Asarlari xalqaro ko’rgazmalarda namoyish etilgan. A. Qodiriy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1995). «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan (1999).

ABDULLAYEV Maxdi Orifovich (1922.27.10, Buxoro) — O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1982), biologiya fanlari Doktori (1969), professor (1972). 2-jahon urushi qatnashchisi (1941-45). Buxoro davlat pedagogika institutini tugatgan (1948). zoologiya kafedrasi assistenti, dotsenti, kafedra mudiri (1953-58), o’quv va ilmiy ishlar prorektori (1958— 72), zoologiya va ekologiya kafedrasi mudiri (1972 y.dan). Baliqchilikka oid tadqiqot ishlari olib borgan.

ABDULLAYEV Muhammadqodir Muhammadyoqubovich (1973.15.11, Andijon) — bokschi, 63,5 kg vaznda Olimpiada va jahon chempioni. O’zbekiston chempioni (1993, 1996-98), xalqaro toifadagi sport ustasi (1998). Andijon davlat unti talabasi (2000). Abdullayev bir necha xalqaro turnirlarning g’olibi (1994, Turkiya; 1997, Eron; 1999, Frantsiya). Markaziy Osiyo o’yinlarida 1995 yil — 2 o’rin, 1997 yil — 1-o’rin, 13-Osiyo o’yinlari (Tailand, 1998) da 1-o’rin; Osiyoning 2 karra chempioni (1997, 1999). 1999 yil AQShning Xyuston shahrida o’tkaziltan jahon chempionatining, 2000 yil Sidneyda o’tkazilgan 27-yozgi Olimpiya o’yinlarining oltin medali bilan taqdirlangan. Qirol kubogi (1998, Tailand) hamda Jahon kubogi (1998, Xitoy) musobaqalarida eng yaxshi bokschi deb tan olingan. «Shuhrat» medali (1995), «El-yurt hurmati» ordeni (1999) bilan mukofotlangan.

ABDULLAYEV Nusrat Hamidovich (1933.14.7, Toshkent) — patofiziolog, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1989), tibbiyot fanlari Doktori (1967). professor. (1970). 1972 yildan 1-Toshkent tibbiyot instituti patologik fiziologiya kafedrasi mudiri. Immunologiya ilmiy tadqiqot instituta direktori (1984-87). Ilmiy ishlari ovqat hazm qilish a’zolari, me’da osti bezi, jigar va moddalar almashinuvi patologiyasiga bag’ishlangan. Abdullayev tibbiyot institutining talabalari uchun darslik hamda bir qancha metodik qo’llanmalar va lug’atlar muallifi.

ABDULLAYEV Rauf Abdullaevich (1922.5.5, Namangan viloyati Pop tumani) — terapevt, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1968). Tibbiyot fanlari Doktori (1958), professor (1960). Sammi gospital terapiya kafedrasi assistenti (1943-45) va shu institut direktori (1945 — 51), 1952 yildan Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining terapiya kafedrasida assistent, dotsent, kafedra mudiri (1961-92), 1992 yildan 2-terapiya kafedrasida professor maslahatchi. Ilmiy ishlari, asosan yurak-tomir va jigar kasalliklarining kelib chiqish sabablari, ularning oldini olish va davolash masalalariga bag’ishlangan.

ABDULLAYEV Rustam (1947.12.2, Xiva) — kompozitor. O’zbekiston Respublikasi san’at arbobi (1997). Toshkent davlat konservatoriyasini tugatgan (1972). 1985 yildan Toshkent konservatoriyasining o’qituvchisi. O’zbekiston Respublikasi kompozitorlar va bastakorlar uyushmasining kotibi (1985-95), raisi (1995 yildan). 4 opera  — «Shodimulk» (1975), «Sadoqat» (O. Matchon, 1980), «Xiva ordeni» (E. Samandarov, 1985), «Kimlar zor, kimga xor» (M. Mirzo, 1994); «Quyoshga ta’zim» balet-oratoriyasi (O’. Umarbekov, 1984); simfoniya (1975) va 3 simfonik poyema (1968-70); fortepiano va orkestr uchun 5 ta kontsert (1972-95), kamer-vokal, xor va boshqa asarlarning muallifi. Asarlari O’zbekiston va chet el kontsert sahnalari (Rossiya, Ukraina, Shvesiya, Tailand, Janubiy Koreya va boshqalar) da ijro etiladi.

ABDULLAYEV Samig’ Fayzullovich (1917.25.10 — Toshkent -1998.10.5) -rassom. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1975). Toshkent badiiy bilim yurti (1933 — 38) va Toshkent san’at instituti (1954 — 60) da ta’lim olgan. 2-jahon urushi qatnashchisi. Taman va Kerch ya. orollarida ko’rsatgan jasorati uchun qahramon unvoni berilgan (1944). O’zbekiston rassomlar uyushmasi boshqaruvi raisi (1945 — 55), O’zbekiston davlat san’at muzeyi direktori (1956 — 88). Abdullayev ijodi rang-barang va sermazmun, asarlarida tabiat, inson go’zalligi, ayniqsa zamondoshlari, urush qahramonlari, mehnatkash xalq o’z aksini topgan. Portretlar («Avtoportret», 1945; «Rezida», 1954; «General-leytenant F. Norxo’jaev», 1977; «B. Boboyev», 1985 va boshqalar), manzaralar («Kolxoz manzarasi», 1953; «Chirchiq vodiysida», 1977; «Bahor», «Dengiz bo’yida», 1979), natyurmortlar («Gullar», 1966; «Toshkent mevalari», 1981; «Natyurmort», 1985 va boshqalar) yaratgan.

ABDULLAYEV Sa’dulla (1945.12.5, Toshkent) — rassom, O’zbekiston BA haqiqiy a’zosi (1997). P. Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurti (1961-66) va Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) dagi I. Repin nomidagi rassomlik, haykaltaroshlik va me’morlik instituti (1967-73) da ta’lim olgan. 1973 yildan M. Uyg’ur nomidagi san’at institutida pedagog, 1997 yildan Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn institutida dotsent. Ijodini teatr dekorasiyasi sohasida boshlagan. A. Navoiy teatrining «So’g’diyona qoploni», «Layli va Majnun» spektakllariga sahna bezaklari uchun andazalar tayyorlagan. Abdullayev rangtasvirda samarali ijod qiladi: yoshlar hayoti va kundalik faoliyati, ruhiyati aniq tasvirlangan («Toshkentim» uchligi — triptixi: «Anhor bo’yida», «Yosh onalar», «Favvoralar» va boshqalar) hamda O’zbekona milliy ruh bilan sug’orilgan («Oilam», «Buvam ertaklari», 1985 va boshqalar) asarlar, portretlar («Toliba», «Husnoro portreta» va boshqalar), manzaralar («Teatr maydoni tong otarda», «Teatr maydoni», «Teatr maydoni oqshom paytida» va boshqlalar) muallifidir. Abdullayev ijodida tarixiy mavzu alohida o’rin tutadi: «Navoiy va Husayn Boyqaro» (1988), «Navoiyning Samarqanddan qaytishi» (1989), «Samarqand bahori» ikkiligi (diptixi, 1992), «Amir Temur Bibixonim masjidi qurilishini kuzatmoqda» (1993), «Amir Temurning dafn etilishi» (1996) va boshqalar.

ABDULLAYEV Fattoh (1914.16.1, Jambul — 1985.11.9, Toshkent) — o’zbek tilshunosi. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1984). Filol. fanlari Doktori (1961), professor. (1969), Leningrad davlat universitetini tamomlagan (1939). Toshkent davlat pedagogika institutida (1939-44), Namangan davlat pedagogika institutida (1944-47), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi til va adabiyot institutida (1947 — 50 va 1957 yildan), Xorazm davlat pedagogika institutida (1950-56) ishlagan. Ilmiy ishlari o’zbek adabiy tilining tarixi, dialektologiyasi, leksikasi, fonetikasi, grammatikasi, shuningdek badiiy nutq masalalariga bag’ishlangan. Abdullayev Xorazm shevalarini tadqiq qilib, ularning dialektologik xaritasini tuzgan va tasnifini bergan.

ABDULLAYEV O’rinboy (1912. 18.4, To’rtko’l tumani) — 2-jahon urushi qatnashchisi, 2-Boltiqbo’yi fronti, 3-Zarbdor armiyasi, 219-o’qchi diviziyasi, 375-o’qchi polkining 1-o’qchi rotasi o’qchisi. Latviyaning Ludze shahri atrofidagi jangda dushman qo’shinlari chegarasini birinchi bo’lib yorib kirganligi uchun Qahramon unvoni berilgan (1945). Urushdan so’ng Qoraqalpog’istonning To’rtko’l tumaniga qaytib, chorvachilik sohasida mehnat qilgan.

ABDULLAYEV Habib Muhamedovich (1912.31.8, O’sh shahri — 1962.20.6, Toshkent) — geolog olim, davlat va jamoat arbobi, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi. (1947), geologiya-mineralogiya fanlari Doktori (1946). O’rta Osiyo industriya institutining konchilik fakultetini tugatgach (1935), geologiya-razvedka partiyasi boshlig’i. Keyinroq O’zbekistondagi Langar volfram-molibden konining geologik tuzilishi, mineral tarkibi va hosil bo’lishini tadqiq qildi. 1940 yildan O’rta Osiyo industriya institutining foydali qazilmalar kafedrasida dosent, so’ngra shu institutda direktor, 1942 yildan O’zbekiston hukumati raisining o’rinbosari, 1944 yildan ayni vaqtda Davlat plan komissiyasi raisi. 1946 yil «O’rta Osiyoning sheelitli skarnlari geologiyasi» mavzuida Doktorlik dissertatsiyasini yoqladi va bu asar 1947 yilda nashr etildi. Abdullayev 1947 yildan O’zbekiston Fanlar Akademiya vitseprezidenti. Ayni vaqtda Geologiya instituti direktori hamda uning Petrologiya va metallogeniya bo’limi rahbari. Abdullayev 1952 — 55 yillarda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi texnika va geologiya-kimyo fanlari bo’limining raisi, 1955-56 yillarda O’zbekiston hukumati raisining o’rinbosari va 1956 yildan O’zbekiston Fanlar Akademiyasi prezidenti. Abdullayev 1959 yilda ruda paydo bo’lishining granitoid intruziyalar bilan genetik bog’liqligi sohasidagi ilmiy ishi uchun yuksak mukofot bilan taqdirlangan. U endogen ruda hosil bo’lishi nazariyasini rivojlantirdi. 130 dan ortiq ilmiy asar (jumladan, 7 monografiya) yozgan. Abdullayev Toshkent va Moskvada nashr etilgan ko’pgina mo»tabar ilmiy jurnallar, to’plamlar, ilmiy-ommabop nashrlarning mas’ul muharriri, tahrir hay’ati a’zosi edi, jumladan O’rta Osiyoda birinchi — «O’zbekiston geologiya jurnali»ni tashkil qildi va uning mas’ul muharriri bo’ldi. Abdullayev volfram, qalay, rangli va qora metallar ruda konlarining turli yo’llar bilan hosil bo’lganligini ko’rsatib berdi. Abdullayev ruda paydo bo’lish jarayonlarini magmatizm hamda bu jarayonlar ro’y beradigan geologik muhit ta’siri bilan chambarchas bog’liq ekanligini aniqladi. Uning bevosita ishtiroki va rahbarligida «Chatqol Qurama tog’lari magmatizmi va metallogeniyasining asosiy xususiyatlari» monografiyasi yaratildi (1957), «O’rta Osiyo magmatizmi va rudalanish jarayoni» asari nashr etildi (1960). Abdullayevning so’nggi turkum ishlaridan biri «Rudapetrografiya provintsiyalari va ularni tasniflash masalalari» (1961) bo’ldi. Jahondagi barcha yirik ruda konlari shakllanish xususiyatlariga bag’ishlangan «metallogeniya — foydali qazilma konlarini qidirib topishning geologik asosi» monografiyasi uchun 1970 yilda (vafotidan keyin) Beruniy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti berilgan. Abdullayevning geologiyaga oid nazariy fikrlari amaliyotda tasdiqlandi. U birinchi bo’lib O’rta Osiyoni alohida metallogenik maxsus provintsiya sifatida ajratdi. Skarnlar tuzilishi, ruda uchraydigan va ruda hosil bo’ladigan skarnlar mavjudligi qayd etildi. Abdullayevning rudalarning granitoid intruziyalar bilan bog’liq ravishda hosil bo’lishiga doir asarlari ilmiy munozaraga sabab bo’ldi. Asarlarda konlarning intruziyalardan uzoqyaqinligiga qarab tasniflanganligi Elshonsning mavhum batolit kontsepsiyasidan tubdan farq qiladi. Abdullayev O’rta Osiyoga doir tadqiqotlarini tahlil qilib, kichik intruziyalar o’chog’i bilan rudali jinslarning umumiyligini hamda magmatizm bosqichlari bilan bog’liq bo’lgan ruda hosil bo’lish jarayonlarining takrorlanib turishini ko’rsatib berdi. Abdullayevning so’nggi asarlarida ayrim joylarda muayyan tipdagi magmatizm hodisalari ro’y berishi va rudalar hosil bo’lishi muammolari o’rganilgan. Abdullayevning «O’rta Osiyoning metallogenik ocherki» (1949), «Rudalanishning granitoid intruziyalar bilan genetik bog’liqligi» (1954 — 57), «Daykalar va rudalanish» (1957), «Ruda-petrografik provintsiyalari va ularni tasniflash masalalari» (1961) kabi asarlari jahonga mashhur bo’ldi. «Rudalanishni granitoid intruzivlar bilan genetik bog’liqligi» asari xorijiy olimlar taklifi bilan nemis, ingliz va Xitoy tillariga tarjima qilingan. Abdullayev regional kengashlar, xalqaro geologiya Kongressining, bir necha sessiyalarning faol tashkilotchisi, qatnashchisi, kengash to’plamlarining muharriri bo’lgan. Abdullayev bir necha chet el geologiya jamiyatlari a’zosi edi. O’zbekiston Respublikasi miqyosidagi ko’pgina ilmiy va ilmiy-texnika jamiyatlariga, qo’mitalariga boshchilik qilgan. Asarlari o’zbek va rus tillarida nashr etilgan. Bular orasida O’zbekistonda fan, ilmiy-texnika, iqtisodiyot va madaniyat ravnaqiga bag’ishlanganlari anchagina. Abdullayev O’zbekistondagina emas, balki butun O’rta Osiyodagi geologik ishlab chiqarishda, ilmiy muassasalar va oliy o’quv yurtlarida ishlaydigan katta jamoani birlashtirgan ilmiy maktabning tashkilotchisi va rahbari bo’ldi. Ilmiy maktab olimlari Tyanshan tog’laridagi jinslar asosida petrologiya va metallogeniya masalalarini hal qilish sohasida birgalikda ish olib bordilar. Abdullayev O’zbekistonda iqtidorli yoshlardan fanning turli sohalarida, jumladan geologiya bo’yicha milliy kadrlar tayyorlashga katta hissa qo’shdi. Abdullayev rahbarligida 7 kishi doktorlik, 28 kishi nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Abdullayev ToshPI (hozirgi ToshTU) geologiya-razvedka fakultetida geologiya oliy o’quv yurtlari orasida birinchi bo’lib Petrologiya va metallogeniya kafedrasini tashkil etdi va unga rahbarlik qildi. Urush davrida Abdullayev hukumat a’zosi va geolog olim sifatida front va front ichkarisini zarur resurslar bilan ta’minlash va strategik ahamiyatdagi qazilma boyliklar qidirish va ishga solishda katta ishlarni amalga oshirdi. Abdullayev 1950 yildan umrining oxirigacha mineralogiya jamiyati O’zbekiston bo’limini boshqardi. 1960 yildan Frantsiya geologiya va Buyuk Britaniya Qirollik mineralogiya jamiyatlarining a’zosi. Tanlangan asarlaridan 7 jildi nashr etilgan (1964 — 69). Abdullayevning hayoti va ilmiy hamda jamoatchilik faoliyati haqida bir qancha olimlar muallifligida «esdaliklar» chiqarilgan. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Geologiya va geofizika institutiga va Toshkent shahridagi katta ko’chalardan biriga, Akmal Ikromov tumanidagi mahallaga, Toshkent metrosi stansiyalaridan biriga, 193-maktabga, Ulug’bek shaharchasida ko’cha va boshqa ob’yektlarga Abdullayev nomi berilgan. Geologiya va geofizika instituti binosiga, ToshTU geologiya-razvedka fakulteti binosiga yodgorlik taxtasi o’rnatilgan. Habib Muhamedovich Abdullayev nomida «Oltin medal» ta’sis etilgan (1992). Ush shahridagi katta ko’chalardan biri, Abdullayev tug’ilib o’sgan Aravondagi maktab va ko’cha ham Abdullayev nomi bilan atalgan. Geologiya va geofizika instituti qoshida Abdullayev hayoti va ijodiga bag’ishlangan muzey tashkil qilingan. Abdullayev Toshkentdagi Chig’atoy qabristoniga dafn qilingan. Qabri ustiga marmar byust qo’yilgan (haykaltarosh E. V. Vuchetich). As: Sobranie sochineniy, t. 1 — 7, T., 1964 — 69. Ad.: Qahhorov A., G’afforova M., Akademik Habib Abdullaev, T., 1981; Beknazarov V. G., Ageye v A. I, Xabib Muxamedovich Abdullayev, Biobibliografiya, v kn.: Abdullaev X — M., Soch., t. 5, s.347 — 366. To’lqin Shoyoqubov.