ABDURASULOV

ABDURASULOV Jo’ra Majidovich (1921.5.8 — Toshkent — 1990.9.10) -rentgenolog, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1964), tibbiyot fanlari Doktori (1952), professor (1954). Sammi rentgenologiya kafedrasining dotsenti (1948— 51), 1952 yildan Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining kafedra mudiri, O’zbekiston rentgenologiya, radiologiya va onkologiya ilmiy tadqiqot instituti direktori (1958-76). Abdurasulovning asosiy ilmiy ishlari ultratovush diagnostikasi, to’g’ri ichak rakining rentgenodiagnostikasi va ko’p sonli rak kasalligi muammolariga oid. U rakka qarshi va radiologiya sohasidagi xalqaro anjumanlarda qatnashgan.

ABDURASULOV Mamajon (1927, Shahrixon tumani Naynovo qishlog’i) — Xalq o’qituvchisi (1981). Farg’ona pedagogika institutining boshlang’ich ta’lim metodikasi fakultetini tamomlagan (1963). 1950 yildan Andijon viloyatining Shahrixon tumanidagi 41 — maktabda boshlang’ich sinf o’qituvchisi bo’lib ishlagan. 40 yildan ortiq mehnat faoliyati davrida uning bolalarni rag’batlantirish orqali ta’lim-tarbiyani yuqori saviyaga ko’tarish usuli O’zbekiston va boshqa mamlakatlarda keng ommalashtirilgan.

ABDURASULOV Sodiqjon (1937.9.5, Shahrixon tumani) — O’zbekiston Qahramoni (1996). O’rta maktabni tamomlab, mehnat faoliyatini Shahrixon tumanidagi «Oltin vodiy» jamoa xo’jaligida shofyorlikdan boshlagan (1955-65), shu xo’jalikda paxtachilik (1965-93), 1993 yildan g’allachilik brigadasiga boshliq. Abdurasulov rahbarlik qilgan brigada uzoq yillar davomida paxtachilik va donchilikda yuqori ko’rsatkichlarga erishdi (paxtadan 22-45 tsentnerga; g’alladan 1995 yilda 55 tsentnerga, 1997 yilda 70 tsentnerga). Abdurasulov Andijon viloyatida boshqa mintaqalardan keltirilgan yangi bug’doy navlarini sinash va ulardan mo’l hosil olish bo’yicha tajriba maktabi yaratdi.