ABU NAZR SAMARQANDIY
ABU NAZR SAMARQANDIY (Abu Nazr Muhammad ibn Mas’ud al-A’yoshiy as-Sulamiy), (10-asr) — fiqx olimi. Xurosonda bosh imomlik qilgan. Arab tilida 208 ta asar yozgan. Bulardan «Kitob Sirat Abiy» («Otamning tarjimai holi kitobi»), «Kitob Sirat Umar» («Umarning tarjimai holi kitobi»), «Kitob al-muvazzah» («Izohlangan narsalar haqida kitob»), «Kitob Sirat Muoviya» («Muoviyaning tarjimai holi kitobi») kabi asarlari diqqatga sazovordir. Ayniqsa uning «Tafsir as-Sulamiy» kitobi mashhur bo’lib, nemis sharqshunosi K. Brokkelmanning yozishicha, bu asarning Ibrohim ibn Ahmad al-Qummiy tomonidan qaytadan ishlangan nusxasi bizgacha yetib kelgan. Abu Nasr ibn Iroq Mansur ibn Ali (? — 1036) — xorazmlik riyoziyotchi va falakiyotshunos olim. Xorazmshoh saroyidagi Abu Ali ibn Sino, Abu Sahl Masixiy, Abulxayr Hammor va Abu Rayhon Beruniy kabi olimlar bilan muloqatda bo’lgan. Xorazmshoh Abulabbos Ma’munga bag’ishlab «Kitob fi kuriyya as-sama» («Samoning shar shaklida ekani haqida kitob»), «Risola filhalli shubhaten arazat fil-maqolat as-solis ashara min kitob al-usul» («Negizlar» kitobining o’n uchinchi maqolasida yuz bergan shubxani hal qilish haqidagi risola»), «Risola fi sana al-usturlob bit-tariq assi na i ila Abi Abdallax Muxammad ibn Ali al-Ma’muni» («Abu Abdilloh Muxammad ibn Ali al-Ma’munga usturlobni san’at usulida yasash haqida yuborilgan risola») kabi asarlar yozgan. O’z davrida «Batlimusi soniy» («Ikkinchi Ptolemey») degan faxriy nom olgan.