AVRELIAN

AVRELIAN, Lutsiy Domitsiy (214— 275) — Rim imperatori (270 yildan). Dunay legionlari tomonidan imperator deb e’lon qilingan. Avrelian Rim imperiyasi chegaralarini tiklagan; getlarni Dunay ortiga uloqtirib tashlagan, alemannlarni Resiya va Italiyadan siqib chiqarib, Galliyani bo’ysundirgan, biroq Dakiyani qo’ldan chiqargan. Ichki siyosatda mutlaq imperatorlik hokimiyatini o’rnatishga harakat qilgan (ilk bor rasman janob va Tangri — Dominus et deus deb atalgan), mamlakatda yalpisiga yangi ma’bud — quyosh tangrisiga sajda qilishni joriy qilgan. 273 yil Rimda monetariylar harakatini bostirgan. Avrelian davrida Rimni varvarlardan himoya qilish maqsadida Avrelian devori qurilgan (xarobalari saqlangan). Avrelian fitnachilar tomonidan o’ldirilgan.