AVTOELEKTRONIKA
AVTOELEKTRONIKA — mashinasozlikka oid elektronika bilimlari va vositalari majmui. Avtoelektronika avtomobil dvigatellarining o’t oldirish mikroelektron tizimlari, boshqaruvni kompyuterlashtirish elektron qurilmalari, yo’lovchilar uchun turli qulayliklar yaratuvchi elektron tizimlar va boshqaa avtomatik qurilmalarni yaratish bilan bog’liq ilmiy tadqiqot — loyihalash ishlarini o’z ichiga oladi. Avtoelektronika qurilmalari ishlab chiqariladigan avtomobillarning sifati, puxtaligi va boshqa iqtisodiy ko’rsatkichlarini yaxshilaydi. Keyingi vaqtlarda yangi mikroelektron integral sxemalar asosida takomillashgan Avtoelektronika qurilmalari yaratildi. Avtomobilsozlikda mikroelektronikaning ahamiyati oshib bormoqda. Ayniqsa, ekologiya muammolarini hal etishda, avtomobillarni ishlatish xavfsizligini ta’minlashda, ularga xizmat ko’rsatishni yanada qulaylashtirish va boshqa muammolarni hal etishda mikroelektronikaning o’rni ancha yuqorilashdi. Avtomobillarni avtomatik boshqarishda, ularning ish rejimlari parametrlarini nazorat qilib turishda, turli datchiklar yordamida olinayotgan axborotlarni to’plash va ularga ishlov berishda, transmissiyani boshqarish tizimida, dvigatelni boshqarish-to’xtatish tizimida maxsus datchik, integral qurilmalar va mikroprosessorli mikrosxemalar qo’llanilmoqda. Istiqbolda tuzilishi jihatidan bir butun bo’lgan datchiklar va mikroelektron funktsional qurilmalar tizimi Avtoelektronikaning rivojlanishini tezlashtiradi va qo’llanish sohalarini yanada kengaytiradi.