AGADIR
AGADIR — Marokashdagi shahar, Atlantika okeani sohilidagi port. Agadir provintsiyasining ma’muriy markazi. Aholisi 700 ming kishidan ortiq. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Baliq konserva va tsement ishlab chiqarish va boshqa korxonalari bor. Dengiz bo’yi turizmi va istirohat markazi. Shaharga 16-asrda asos solingan. Agadir 1911 yilgi xalqaro nizo — Marokashda Germaniya bilan Frantsiyaning raqobati tufayli kelib chiqqan voqealar bilan mashhur. 1960 yil zilzilada shahar qattiq shikastlangan.