AGATCHAG’IL TOG’I
AGATCHAG’IL TOG’I — O’zbekiston Respublikasi Surxondaryo viloyatidagi Sherobod-Sariqamish tizlasining bir qismi. Oqqapchig’ay darasidan Ulaynor dovonigacha (22 kilometrga) cho’zilgan. Mutlaq balandligi— 1280 1300 metr. Agatchag’il tog’ining Janubiy-Sharqiy yon bag’ri tik va shimoliy-g’arbiy yon bag’ri esa qiyaroq. Agatchag’il tog’i zamini bo’r davrining yashil gil, qumtosh, alevrolit, gips va ohaktoshlaridan, suvayirg’ich qismi qattiq ohak toshlardan tuzilgan. Ohaktosh qatlamining ba’zi joylari suvda erib, kichik g’orlar hosil qilgan. Tog’ etaklarida Quruqsoy ko’p. Soylarning tagini prolyuviy jinslari qoplagan.