AGLOMERATLASH
AGLOMERATLASH (metallurgiyada) — mayda ruda va ruda kontsentratlarini maxsus mashinalarda pishirib yirik bo’laklar (aglomeratlar) hosil qilinadigan termik jarayon. Mashina bunkeriga (do’lga) maydaligi 8 — 10 millimetrgacha bo’lgan ruda, yoqilg’i va koloshnik kukunlari aralashmasi to’ldiriladi. Aralashma bunker-dozator orqali vintli aralashtiruvchiga uzatiladi. Aralashma maxsus namlagich yordamida ma’lum darajada namlangach, konveyer lentasining tagi teshik qutisiga uzatiladi. Bu qutiga to’ldirilgan aralashma gorelka tagiga kelgach aralashma yonadi. Qutidagi temperatura 1100 — 1200° gacha ko’tariladi. Temir oksidning bir qismi G’eO gacha qaytarilgach, SiO2 bilan birikib, toshqol (shlak) hosil qiladi. Bu birikma eriydi va mayda materiallarni o’zaro biriktirib, aglomerat hosil etadi. Qutidagi yoqilg’ining yonishi uchun tagidan havo berib turiladi. Yonish mahsulotlari ventilyator vositasida mo’ridan havoga chiqarib yuboriladi.