AGROKIMYO XIZMATI
AGROKIMYO XIZMATI — dehqonchilik va chorvachilikda o’g’itlar va boshqa kimyoviy vositalardan samarali hamda oqilona foydalanish bo’yicha qishloq xo’jaligiga agrokimyo xizmati ko’rsatishning ilmiy-ishlab chiqarish tizimi. O’zbekistonda Agrokimyo xizmati MTSlarda agrokimyo laboratoriyalari tashkil etilishi (1931) bilan boshlangan. MTS lar tugatilganidan keyin (1958) Agrokimyo xizmati tuman qishloq xo’jaligi inspektsiyalari, keyinchalik qishloq xo’jaligi ishlab chiqarish boshqarmalari ixtiyoridagi agrokimyo laboratoriyalari orqali olib borildi. Keyinchalik yagona davlat Agrokimyo xizmati tizimi tashkil etildi. 1992 yildan O’zbekistonda Agrokimyo xizmati ko’rsatish bo’yicha respublika ishlab chiqarish ilmiy birlashmasi («O’zqishloqkimyo») mustaqil ish boshladi (1994 yildan «Uzagrokimyoservis» davlat-aktsiyadorlik uyushmasi). Respublikada 1997 yildan qishloq xo’jaligiga mineral o’g’itlar, o’simliklarni himoya qilish vositalari, o’sish stimulyatorlari, meliorantlar, mineral ozuqalar yetkazib berish bilan bog’liq xizmatlarni «O’zkimyosanoat» uyushmasi tarkibidagi «O’zagrokimyota’minot» davlat-aktsiyadorlik birlashmasi bajaradi. O’simliklar kasalliklari va zararkunandalarini kuzatish, o’rganish va protnozlash, o’simliklarni himoya qilish bo’yicha aholiga va qishloq xo’jaligi korxonalariga xizmat ko’rsatish, chigirtkaga qarshi kurash tadbirlarini Respublika o’simliklarni himoya qilish va agrokimyoviy tadqiqotlar markazi amalga oshiradi.