AGROO’RMON MELIORATSIYASI
AGROO’RMON MELIORATSIYASI — tuproqning meliorativ holatini va iqlim sharoitini daraxt ekish yo’li bilan yaxshilashga qaratilgan tadbirlar majmui. Qishloq xo’jalik ekinlaridan yuqori hosil olishga salbiy ta’sir qiluvchi qurg’oqchilik, garmsel, shuproq eroziyasi, qum ko’chishlari kabi tabiat hodisalariga qarshi amalga oshiriladi. Agroo’rmon melioratsiyasi agrotexnik, gidrotexnik, kimyoviy va qishloq xo’jalik melioratsiyasining boshqa turlari bilan birga yerlarni tubdan yaxshilashga xizmat qiladi hamda ularning tabiiy sharoitlariga uzoq muddat ta’sir ko’rsatadi. O’zbekistonda birinchi marta tog’yon bag’irlarida selga qarshi daraxtzorlar barpo qilishni 1880 yilda N. I. Korolkov Samarqand yaqinida (Omonqo’ton), 1889 yilda S. Yu. Rauner Toshkent yaqinida (Oqtosh) boshlagan edilar. Agroo’rmon melioratsiyasi ayniqsa, yangi o’zlashtirilayotgan yerlar (Mirzacho’l, Qarshi cho’li, Markaziy Farg’ona) da keng rivoj topdi. O’zbekiston hududining yirik uch tabiiy zonasida — vodiylarda (ihota, kanal bo’ylari, yo’l yoqalaridagi daraxtzorlar), tog’larda (suv eroziyasi va selning oldini olish maqsadida tog’lar yon bag’rini o’rmonga aylantirish) va qumli cho’llarda (aholi punktlarini va ekinzorlarni qum ko’chishidan himoya qilish, yaylovlar unumini oshirish maqsadida daraxt va butalar ekish va shu kabilar) ekma o’rmonzorlar yaratilmoqda. Hamma katta sug’orish kanallari (Janubiy Mirzacho’l, Katta Farg’ona, Qarshi, Amu-Buxoro va hokazo) bo’ylab, shuningdek, suv omborlari atrofida daraxtzorlar barpo qilingan. O’zbekistonda qumliklarni o’zlashtirish ishlari 30 — 40-yillarda boshlangan. Ko’chma qumlarni fitomelioratsiya bilan mustahkamlash usullari ishlab chiqildi. Shu yo’l bilan Buxoro vohasining cho’lga tutash yerlarini qum bosishdan saqlash uchun Qizilqum etaklarida uzunligi 120 kilometr bo’lgan «Buxoro to’sig’i» deb ataluvchi daraxtzor mintaqasi barpo etildi. Qumloq yerlarni kompleks o’zlashtirishda turli texnologik usullar (masalan, fitomeliorasiya, qumlarni maxsus kimyoviy moddalar bilan mustahkamlash va hokazo) keng qo’llaniladi. Orol dengizining qurigan qismidagi qumliklarni mustahkamlashda Agroo’rmon melioratsiyasi usullaridan keng foydalanilmoqda. Har yili 10-12 ming gektar maydonlarda o’rmonzorlar barpo etilmoqda. Ko’kalamzorlashtirilgan maydonlar 70 mingga (1997). Agroo’rmon melioratsiyasi sohasidagi tadqiqotlar O’zbekiston o’rmon xo’jaligi ilmiy tadqiqot instituti (1948) da, Toshkent agrar universitetining o’rmonshunoslik kafedrasida, qishloq xo’jalik tajriba stansiyalarida olib boriladi. Abduxalil Qayimov.