ADABIYOT NAZARIYASI
ADABIYOT NAZARIYASI — adabiyotshunoslik fanining bir bo’limi. Badiiy adabiyot, uning jamiyat hayotida tutgan o’rni va ahamiyati, yaratilish qonuniyatlari, taraqqiyot yo’llarini, badiiy asarning tasviriy hamda ifoda vositalari, tarkibiy qismlari, adabiy turlar va janrlarini o’rganadi. Adabiyot nazariyasi badiiy so’z san’atining ijodiy tajribalariga asoslanib, o’zining barcha nazariy xulosalarini yaxlit bir davr yoki davrlarning badiiy so’z mahsuli hamda ayrim badiiy asarlarining tahlilidan, tarixiy-adabiy jarayonni o’rganishdan keltirib chiqaradi. Badiiy adabiyotni bevosita yaratuvchilarning adabiy ijod haqida aytgan fikrlari ham Adabiyot nazariyasi tomonidan e’tiborga olinadi, ammo bu borada Adabiyot nazariyasi badiiy ijod tajribalarida tasdiqlangan ijodiy haqiqatlarga murojaat qilib boradi. Adabiyot nazariyasi adabiyotning boshqa ijtimoiy ong shakllaridan farqli jihatlarini ham belgilab beradi. San’at turi sifatida adabiyotning o’ziga xosligi uning so’z vositasida obraz yaratishida ko’zga tashlanadi. Shuning uchun ham Adabiyot nazariyasida badiiy, obrazli tasvir va ifoda masalalari ham o’rganiladi. Badiiy adabiyotda mazmun bilan shakl birligi va mutanosibligi Adabiyot nazariyasining bosh masalasidan biri hisoblanadi. Mazmunsiz shakl bo’lmaganidek, shaklsiz mazmun ham bo’lmaydi. Har qanday shakl mazmunlashganidek, har qanday mazmun shakllashgandagina to’la voqe bo’ladi. Mazmun — badiiy asarning hamma qismlarini belgilovchi, uyushtiruvchi asos. Badiiy adabiyotda mazmun — jonli hayot, uning xilma-xil qirralari, murakkabligi, boyligi va go’zalligidir. Har qanday g’oya badiiy asarning mazmunini tashkil eta olmaydi, u faqat badiiy xususiyatga egaligi, inson, jamiyat uchun ahamiyatliligi bilan barchani qiziqtira olgan g’oyalargina badiiy asar mazmunini tashkil etadi. Badiiy shakl ham mazmunga nisbatan farqsiz hodisa emas. Chunki har qanday g’oya hayotning o’zida aniq hayotiy hodisa shaklida namoyon bo’ladi, bu hodisaning shaklini mazmundan ajratib bo’lmaydi. Binobarin, har qanday badiiy g’oya o’ziga mutanosib badiiy shakldagina o’z mohiyatini to’la namoyon etadi. Alisher Navoiy «Xamsa»da o’z zamonida shoirlik da’vo qilib yurgan ko’plab kishilarning shakl bobidagi no’noqligini qoralaydi. Chunki, faqat shakli mazmuniga to’la mos bo’lgan asargina haqiqiy badiiy asar bo’la oladi. Shuning uchun ham Adabiyot nazariyasi badiiy asarning tarkibiy qismlari (syujet, konflikt, kompozisiya va boshqalar), adabiy turlar va janrlar haqidagi masalalarni keng yoritadi. Insoniyat tarixida bo’lgan ijodiy uslublar, adabiy oqimlar, maktablar Adabiyot nazariyasida o’zining aniq ta’rifu tavsifini topali. O’tmish adabiyot bilan hozirgi zamon adabiyoti o’rtasidagi doimiy vorislik (an’ana va yangilanish) masalalari ham Adabiyot nazariyasiga aloqadordir. Turli xalqlar adabiyotlari o’rtasidagi o’zaro ta’sir va bir-birlarini boyitishdan iborat ijobiy tarixiy jarayonning qonuniyatlarini aniqlash ham Adabiyot nazariyasining doimiy o’rganuvchi sohalaridan birini tashkil etadi. Dunyo xalqlari she’riyatiga xos tizimlar, ularning tuzilishi va shakllari Adabiyot nazariyasining bevosita tadqiqot manbaidir. Badiiy adabiyotning o’tmishi, hozirgi ahvoli va istiqboldagi rivojlanish tamoyillarini belgilab berish Adabiyot nazariyasining eng muhim vazifasi sanaladi. Sharqda Adabiyot nazariyasining yuqorida qayd etilgan barcha muammolarini yaxlit o’rganuvchi maxsus fan sohasi bo’lmagan. Bu masalalar 3 yo’nalishdagi mustaqil sohalar doirasida olib borilgan. Bular: aruz ilmi, qofiya ilmi va balog’a ilmi, ya’ni badiiy so’z san’atlari haqidagi sohalardan iborat. Shu bois Sharq mumtoz adabiyotshunosligi tarixiga nazar tashlansa, yuqorida ko’rsatilgan 3 yo’nalishdagi ilmiy manbalar alohida alohida bayon etilganligi ma’lum bo’ladi. Masalan, Muhammad bin Umar ar-Roduyoniyning «Tarjimon ul-balog’a», Rashididdin Vatvotning «Hadoiq us-sehr fidaqoi qush she’r», Alisher Navoiyning «Mezon ul-avzon», Boburning «Muxtasar», Husayn Voiz Koshifiyning «Badoe ulafkor Fi sanoe-ul-ash’or», Atoullo Husayniyning «Badoye us-sanoye'», Vohid Tabriziyning «Jam’i muxtasar» kabi asarlarida aruz, qofiya va badiiy san’atlar haqida alohida-aloxdda fikr yuritilgan. Sharq adabiy-nazariy ta’limoti asosan she’riyat materialiga asoslangan bo’lib, ularda badiiy nasr, dramaga oid nazariy kuzatishlar uchramaydi. Chunki Sharq mumtoz adabiyotida badiiy nasr va drama janrlari mavjud emas edi. Sharq adabiy-nazariy qarashlari rivojiga Abu Nasr Forobiy «Kalom Fish-she’r va al-qavofi» («She’r va qofiyalar haqida so’z»), «Kitob fil-lug’ot» («Til haqida kitob»), «She’r san’ati», Ibn Sino «Uyun-al-hikma» kabi asarlari bilan katta hissa qo’shdilar. O’zbek adabiyotshunosligida Adabiyot nazariyasiga oid haqiqiy yaxlit ilmiy asar 20-asrning 20-yillarida Fitrat tomonidan yaratildi. Uning «Adabiyot qoidalari» kitobida badiiy adabiyotning o’ziga xosligi, ijtimoiy tabiati, adabiy tur va janrlar, syujet, kompozisiya, badiiy nutq va mahorat masalalari haqida ilk bor yaxlit ma’lumotlar berilgan. Abdurahmon Sa’diyning «Adabiyot nazariyasi» asari Adabiyot nazariyasiga oid ilk asarlardan hisoblanadi. Shulardan keyin Adabiyot nazariyasiga oid ikkinchi asar 1939 yilda I. Sulton tomonidan yaratildi. Keyinchalik O’zbekiston Fanlar Akademiyasi til va adabiyot instituti tomonidan ikki jildli «Adabiyot nazariyasi» (1-jild 1978, 2-jild 1979), 1980 yilda I. Sultonning «Adabiyot nazariyasi» darsliklari chop ettirildi. Adabiyot nazariyasi rivojiga H. Yoqubov, M. Yunusov, M. Qo’shjonov kabi olimlar ham katta hissa qo’shdilar. G’arb adabiyotshunosligida Aristotelning «Poetika» asari Adabiyot nazariyasiga oid asosiy manba sifatida qo’llanilib kelindi. 17-18-asrdan boshlab Bualo, Didro, Lessing, Gerder, Gyote, Shiller kabi olimu adiblar tomonidan Adabiyot nazariyasiga oid nazariy asarlar yaratila boshlandi. 18-asr oxiri — 19-asr boshlarida nemis faylasuflari Kant, Fixte, Shelling, Gegel va boshqa badiiy adabiyot qonuniyatlarini yaxlit o’rganuvchi Adabiyot nazariyasi yaratishni boshlab berdilar. Rossiyada M. V. Lomonosov, A. N. Radishchev, V. G. Belinskiy, N. G. Chernishevskiy, A. N. Dobrolyubov, A. I. Gersen va boshqa adabiy-nazariy qarashlar rivojiga muayyan hissa qo’shdilar. Bahodir Sarimsoqov.