FLEGMONA
FLEGMONA (Yunoncha plegmone — isitma, yallig’lanish) — yog’ qavatining tarqoq, o’tkir yiringli yallig’lanishi. Paydo bo’lgan joyiga ko’ra, teri osti (yuza), muskullararo (chuqur), qorin orti, buyrak (paranefrit) va to’g’ri ichak atrofi (paraproktit) yog’ qavatlari Flegmonasi ajratiladi. Mikroblar yog’qavatiga chaqalangan, shikastlangan teri yoki shilliq qavat orqali, shuningdek, abssess, chipqon, xo’ppoz kabi organizmda mavjud yiringli manbalardan o’tadi. Bunda ko’pincha teri osti yog’ qavati yallig’lanadi. Flegmonada qattiq og’riq va shish paydo bo’lib, shu soha terisi qizaradi, anchagina joy yallig’lanadi. Kasallik zo’rayganda temperatura ko’tarilib, et uvushadi, ko’ngil aynishi, bosh ofig’i va boshqalar kuzatiladi. Flegmona atrofdagi to’qimalarga ham tarqalib ketishi natijasida pay, bo’g’im va muskullarning yiringli yallig’lanishi yuzaga keladi. Flegmona, asosan, operasiya yo’li b-n davolanadi. O’z vaqtida oldi olinsa, bemor tezda tuzalib ketadi, kechiktirilganda sepsis paydo bo’lishi mumkin. Panja Flegmonasi og’irroq kechganda bemor barmoqlarini harakatlantira olmay qoladi. Flegmonaning oldini olish uchun chaqalangan joylarni, teri va teri osti yog’qavatining yiringli kasalliklarini o’z vaqtida davolatish, shuningdek, teri va shilliq qavatning shikastlanishiga yo’l qo’ymaslik, gigiena qoidalariga rioya qilish zarur.