TASMASIMON CHUVALCHANGLAR
TASMASIMON CHUVALCHANGLAR, tsestodlar (Cestoda) — yassi chuvalchanglar sinfi. Hayvonlar va odam ichagida, ba’zan boshqa organlarida parazitlik qiladi. Gavdasi tasmasimon (nomi shundan), uzunligi millimetrning bir necha ulushidan 30 metrgacha, bosh (skoleks), bo’yin va strobiladan iborat. Boshida yopishuv organlari (so’rg’ichlar, ilmoqlar, xartumlar va boshqalar) joylashgan. Bo’yin qismi o’suvchi yosh bo’g’im (proglotid)lardan iborat. Strobilasi, odatda, bir nechtadan o’nlab, hatto yuzlab bo’g’imlarga bo’lingan. Jinsiy organlari germafrodit, har bir bo’g’imida bitta yoki bir juftdan bo’ladi. Tanasi botib kirgan kipriksiz epiteliy bilan qoplangan. Ichagi bo’lmaydi, tanasining yuzasi orqali ichakdagi suyuq oziqni so’rib oladi. Juda serpusht, ayrim turlari bir yilda 600 mln.gacha tuxum qo’yadi. Xo’jayin almashtirib rivojlanadi. Tuxumlari ichida tashqi muxitda 6 ilmoqli onkosfera lichinkalar rivojlanadi. Tuxumlar oraliq xo’jayin ichagiga tushganida lichinkasi kon orkali turli organlarga borib, pufak (finna)ga aylanadi. Asosiy xo’jayin finnali organ (go’sht, jigar va boshqalar)ni yeb, parazitni yuqtiradi. Asosiy xo’jayin ichagida finnadan chiqqan lichinka ichak devoriga yopishgach, yangi bo’g’imlar chiqarib o’sadi. Ayrim Tasmasimon chuvalchanglar 2 oraliq xo’jayinda rivojlanadi. 9-10 turkum, 3000 ga yaqin turi bor. Tibbiy nuqtai nazardan qoramol tasmasimon chuvalchangi, exinokokk, zanjirsimon tasmali chuvalchanglar, qo’y miya qurti, serbar Tasmasimon chuvalchanglar, ligula va boshqalar katta ahamiyatga ega.