FONOGRAMMA
FONOGRAMMA (Yunoncha phone — tovush va gramma) — maxsus texnik vosita (fonograf, magnitofon, raqamli rekorder kabi)lar yordamida yozilgan tovush sadolari yig’indisi. Tayyorlanish usuli (mexanik, foto, elektromagnit, elektronraqamli va boshqalar)ga ko’ra turli shakllarda namoyon bo’ladi: grammofon plastinkasi, magnit tasma, kinotasma, trek, elektron fayl va boshqalar. Yozish jarayoni xususiyatlariga binoan mono, Stereo, Kvadro va boshqa turlari ajratiladi. Fonogramma, odatda, maxsus ovoz yozish studiyasi hamda kinostudiyalarda tayyorlanadi. Fonogramma yuqori akustik sifatlari, eng yaxshi ijrolarni tanlash hamda ulardan uzok, muddat mobaynida foydalanish imkoniyatlari tufayli radio (1940-yillar oxiri), televideniye (1950-yillardan), ommabop musiqa madaniyati (ayniqsa, popmusiqa)lan keng o’rin olgan. O’zbekistonda ovozli kino, radio va televidenie, gramplastinkaga ovoz yozish (Toshkent gramplastinka zavodi, 1945) tizimlari tashkil topishi Fonogramma tayyorlash jarayoniga asos soldi (ovoz rejissyorlari A. Timoxin, Yu. Salnikov va boshqalar). 1962 yildan N. Hasanov tashabbusi bilan Stereo Fonogrammalar tayyorlana boshlandi («Shashmaqom» yozuvlari va boshqalar). Keyinchalik A. Tojiev, R. Umarxo’jaev, V. Gushchinlar va keying yillarda «Mustaqillik», «Navro’z» kabi davlat bayramlari, yirik shoukontsertlar uchun sifatli Fonogrammalarni tayyorlashda I. Iosis, I. Minichlar alohida xizmat ko’rsatdilar. Ayni paytda, O’zbekistonda Fonogrammalar ochiq kontsert va turli marosimlarda odat tusini olib, jonli ijrolar kamayib ketishi, musiqiy ijod jarayoniga muayyan (ayniqsa, G’arb popmusiqasiga oid) uslubiy qoliplarning singdirishiga sabab bo’lmokda. Muhiddin Nosirov.