FONUS XAYOL

FONUS XAYOL — o’zbek xalq qo’g’irchoq teatrining turi. Navoiyning «Hayratulabror» dostonida berilgan va boshqa ma’lumotlarga qaraganda, Fonus xayol 14-16 asrlarda yaxshi taraqqiy etgan. Qo’g’irchoqlar charm yoki taxtadan yassi qilib ishlangan, kiyim-kechaklari tikish va rang bilan belgilangan. Qo’g’irchoqlar dastcho’plarga o’rnatilgan. Dastcho’plarni harakatlantirish va ularning bo’g’inlariga bog’langan iplarini tortish orqali ular jonlangan. Tomoshalar kechqurun va tunda bino ichida ko’rsatilgan. Ular yupqa oq parda ortida, unga juda yaqin masofada (5-7 santimetr) harakatlantirilgan. Qo’g’irchoqlarning ortidan sha’m o’rnatilgan yoki zig’ir yog’i quyilgan bir necha fonuslar yoritib turgan. Natijada qo’g’irchoqlarning aksi pardaga tushgan. Fonus xayol tomoshalarida qahramonlik dostonlarining syujetlari aks ettirilgan va u ko’pincha saroylarda ko’rsatilgan. Ad.: Qodirov M., Xalq qo’g’irchoq teatri, T., 1972.