FORMATSIYA
FORMATSIYA (lotincha formato — hosil bo’lish) (geologiyada) — hosil bo’lish sharoitlarining umumiyligi bilan o’zaro bog’liq bo’lgan tog’ jinslarining tabiiy va qonuniyatli uyg’unligi; yer po’sti asosiy strukturaviy zonalari rivojlanishining muayyan bosqichlarida vujudga keladi. «Formatsiya» terminini dastlab 18-asrda nemis geologi G. Fyuksel muayyan tarkibli va stratigrafik holatli cho’kindi jinslarni ifodalash uchun ishlatgan. Umumiy tektonik rejimning tipiga ko’ra platforma, oraliq, geosinklinal Formatsiyalar va ularning guruhlari farq qilinadi. Formatsiya fasiyalar va yotqiziklarning genetik tiplari majmuidir.Uning chegaralari vaqt o’tishi bilan o’zgarib turadi, turli tiplari har xil yoshdagi yotqiziqlarda takrorlanib, xususiyatini bir oz o’zgartiradi. Formatsiya moddiy tarkibi, tektonik belgilariga ko’ra tasniflanadi. Uning litologik, petrografik (magmatik va metamorfik), vulkanogen, rudali va boshqa turlari mavjud. Magmatik Formatsiyalar ma’lum geologik sharoitlarda yer po’stidagi biron uchastka taraqqiyotining ayrim bosqichlarida hosil bo’lgan magmatik tog’ jinslari to’plamidan iborat. Metamorfik Formatsiya tektonik strukturalarga ega bo’lgan metamorfik tog’jinslarining paydo bo’lish umumiyligi qonuniyatlariga asosan ajratiladi. Metasomatik Formatsiya kam o’rganilgan. Ruda Formatsiyasi (xromit, polimetalloltinkvars va boshqalar) magmatik va metasomatik Formatsiya bilan uzviy bog’liq. Bu sohani o’rganish alohida yo’nalishni kasb etdi. Iklim sharoitlariga ko’ra aridli, gumidli va boshqalar; litologikpetrografik asosiy belgilariga ko’ra — karbonatli, terrigenli, galogenli, vulkanogenli va boshqalar. Formatsiya va ularning guruhlari ajratiladi. Formatsiyaning tiplari bilan foydali qazilmalarning turlari bog’liq. Shu sababli, litologiya, paleogeografiya va tektonikada hamda turli foydali qazilmalarning joylashish qonuniyatlarini o’rganish va ularni qidirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqishda formatsion analizning ahamiyati katta.